Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovga hozirlik xalqaro kuzatuvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda
12:13 / 2024-10-09

Ayni paytda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi uzoq muddatli kuzatuvchilari Xaynek Kristian Oliver hamda Erdenebat Sengel shu yilning 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga Surxondaryo viloyatida ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishmoqda.

Mehmonlar viloyat hududiy saylov komissiyasida bo‘lib, komissiya a’zolarining ish faoliyati, matbuot markazi va bu yerda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi.  

Komissiya raisi Zebuniso Alimardonova xalqaro kuzatuvchilarga saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yuritish, saylov okrugi va saylov uchastkalarini tuzish tartibi hamda normasi, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish, saylovda nogironligi bor shaxslar uchun moslashtirilgan qulayliklar haqida atroflicha ma’lumot berdi.  

Xalqaro kuzatuvchilar, shuningdek, muhim siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik va saylovni erkin, oshkora yoritish uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Yangilangan saylov qonunchiligi asosida tashkil etilayotgan muhim kampaniyaga hozirlik ko‘rish va uni ochiq, shaffof o‘tkazishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yangi imkoniyatlaridan samarali foydalanish jarayonlari bilan tanishdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri