Sankt-Peterburg shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasi tomonidan tashkil etilgan “Saylov va referendum institutiga ishonchni oshirish: xalqaro kuzatuvning o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Tadbirda saylovlar va referendumlarni xalqaro kuzatish faoliyatini takomillashtirish, yoshlarning elektoral madaniyatini shakllantirish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot-texnologiyalarni joriy etish, sun’iy intellekt va uning saylov jarayonida qo‘llanilishi kabi masalalar muhokama qilindi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmuradov milliy saylov tizimining muhim jihatlari haqida so‘zlab berdi. Saylov komissiyalarining mustaqilligi, siyosiy partiyalar uchun teng shart-sharoit yaratilishi, fuqarolarning saylash va saylanish huquqlarining amaldagi kafolatlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etilishi, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligi kabilarga to‘xtaldi.

Konferensiya ishtirokchilari tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda saylov va referendumlar o‘tkazishning ijobiy amaliyoti alohida qayd etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasida saylov tashkil etish va o‘tkazishga oid kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
N.Abduraimova, O‘zA