Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovda ochiqlikni ta’minlash uchun barcha imkoniyat yaratilmoqda
13:59 / 2019-10-29

Tizimdagi yana bir yangilik – Markaziy saylov komissiyasining yangi talqindagi – elections.uz sayti ishga tushirildi.


Saylov – 2019

Mamlakatimizda joriy yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ochiqlikni ta’minlash uchun nafaqat ommaviy axborot vositalari imkoniyatlari, balki internet tarmoqlaridan ham keng foydalaniladi.

Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Rizaevning ma’lum qilishicha, ayni paytda saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish davom etmoqda. Shu kunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga 20 dan ortiq ommaviy axborot vositasidan 200 dan ziyod jurnalist va texnik xodimni akkreditatsiyadan o‘tkazishni so‘rab murojaat tushdi. Ularning barchasi akkreditatsiyadan o‘tkazildi va mandatlar topshirilmoqda.

Tizimdagi yana bir yangilik – Markaziy saylov komissiyasining yangi talqindagi – elections.uz sayti ishga tushirildi.

Sayt yangi dizaynda ish boshladi. Foydalanuvchilar ma’lumotlarni izlashda qiyinchiliklarga uchramasliklari uchun rahbariyat va komissiya a’zolari, normativ-huquqiy hujjatlar, qonunchilik, MSK qarorlari, yangiliklar, xalqaro hamkorlik, eslatmalar hamda OAV uchun kerakli ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan alohida bo‘limlar tashkil etildi. Ma’lumotlar o‘zbek tilining lotin va kirill yozuvlarida hamda ingliz va rus tillarida joylashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar bo‘yicha har bir saylov komissiyasi haqida ma’lumot olish mumkin. Bu esa vazirlik va idoralar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolarga barcha saylov komissiyalari bilan aloqa o‘rnatishga yordam beradi. Saytda ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun ham alohida imkoniyatlar yaratilgan.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar oldinlari bo‘lib o‘tgan saylov hamda referendum natijalari bilan ham tanishib borishlari mumkin.

Saytda saylov kampaniyasi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar, bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar haqidagi axborotlar joylashtirib borilmoqda. Shuningdek, barcha yangiliklar Markaziy saylov komissiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muntazam yoritib borilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi saylov ochiq, oshkora o‘tishi uchun barcha imkoniyat ishga solinmoqda. Eslatib o‘tamiz, saylov kampaniyasini yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish saylov kuniga o‘n kun qolguncha davom etadi.