Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
19:29 / 2024-10-15

Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda saylovlarni o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash, saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, saylov komissiyalari joylashgan binolarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari va boshqa tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, oldimizda turgan saylovni o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Saylov kuni tinch va barqaror bo‘lishi saylovchilarning ovoz berishini erkin, ixtiyoriy va xalqaro standartlar asosida amalga oshirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan majlisda Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Energetika vazirligi rahbarlari tomonidan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish davrida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborotlar taqdim etildi.

[gallery-19763]

Ta’kidlanganidek, xavfsizlik va tartibni saqlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan saylov uchastkalari binolari atrofiga qo‘shimcha 332 ta videokuzatuv kameralari, 528 ta binoga yoritish moslamalari o‘rnatildi. Barcha binolarga olib boradigan yo‘llar ko‘rikdan o‘tkazildi. 270 ta bino atrofida avtoturargohlar tashkil qilindi. Barcha hududda saylov kuni jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Majlisda Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosarining bergan ma’lumotiga ko‘ra, barcha saylov uchastkalarining yong‘inga qarshi holati tekshiruvdan o‘tkazilgan. 450 tasida profilaktik ko‘rik uyushtirilgan hamda qo‘shimcha ravishda 664 ta bino yong‘inni o‘chirish birlamchi vositalari bilan ta’minlangan.

Shu bilan birga, Energetika vazirligi tomonidan saylov kuni komissiyalarning binolarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilgani ma’lum qilindi.

Majlisda mutasaddilarning axborotlarini inobatga olgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak saylovlarni o‘tkazish davrida jamoat tartibini va xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning 108 nafar vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida akkreditatsiyadan o‘tkazildi, hududiy saylov komissiyalarining saylovga tayyorgarlik ishlari yuzasidan axborotlari tinglandi. Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA