Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovchilar ro‘yxatida bormisiz?
17:13 / 2024-10-10

“SAYLOV – 2024”

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovi milliy qonunchiligimiz talablari va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejaga muvofiq olib borilmoqda.  

Shu o‘rinda, uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilar ro‘yxatini tuzish ishlari xususida gaplashsak.  

Chunki, saylovlarni o‘tkazish davrida saylovchilarni ro‘yxatga olish jarayonining ahamiyati nihoyatda katta. Qolaversa, har bir mamlakatning saylovga oid qonun hujjatlari o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, bu saylovchilarni ro‘yxatga olish masalasiga ham bevosita taalluqlidir.  

Yuqorida nomi qayd etilgan Kalendar rejaga muvofiq, Saylovchilar ro‘yxatini Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini (SYAER) shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuzish (shakllantirish va yangilab borish) saylovga kamida 40 kun qolganida amalga oshiriladi.  

Saylovchilarning yakuniy ro‘yxati esa, saylovga 5 kun qolganiga qadar shakllantirib bo‘lgan bo‘lishi lozim.  

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 4-bobi “Saylovchilarning ro‘yxatlarini tuzish” ga bag‘ishlangan bo‘lib, uning 27-moddasida - Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi va har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkinligi belgilangan.  

Aynan shu mazmundagi norma O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasidada ham mustahkalangan.  

Shu o‘rinda, ahamiyatli tomoni shundaki, “har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin”ligi haqidagi qoidani mavjudligi fuqarolarning saylov huquqlarini, ularning ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqini ta’minlashi e’tiborga sazovor, deb o‘ylaymiz.  

Jahon amaliyotida saylovchilarni ro‘yxatga olishning turli vositalaridan foydalaniladi. YeXHT DIIHBning xalqaro saylov standartlari va saylovlarni kuzatishga doir hujjatlarida asosan saylovchilarning ro‘yxatga olishni ikkita tizimi e’tirof etiladi. Bularning birinchisi - ro‘yxatga olishning faol (ma’lum qilish) tizimi. Bunda fuqarolar saylovchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risida o‘zlarining ariza berishlari talab etiladi. Demak, bu saylovchilarning ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tishidir.  

Ikkinchisi esa, saylovchilarning ro‘yxatga olishni passiv tizimi. Bu tizimda saylovchilarning reyestri aholi yoki fuqarolarning reyestrlari asosida yoki hisobga olishning boshqa shakllari asosida avtomatik tarzda tuziladi. Biz buni saylovchilarni majburiy tarzda ro‘yxatga olish deb aytishimiz mumkin.  

Xalqaro hujjatlarga asosan to‘liq, shaffof, keng qamrovli va saylovchilarning aniq reyestri ta’minlangan taqdirda u tizim ham, bu tizim ham maqbul hisoblanadi.  

Xo‘sh, bizning milliy saylov qonunchiligimiz saylovchilarning ro‘yxatga olishni qanday tizimiga asoslanadi?  

O‘zbekistonda milliy saylov qonunchiligi xalqaro hujjatlarda e’tirof etilgan saylovchilarni ro‘yxatga olishning passiv ya’ni, majburiy tarzda ro‘yxatga olish tizimiga asoslanadi. Biroq, bu saylovchining saylovga kelishi majbur degani emas. Balki, saylovchining saylovda ishtirok etishi uning konstitutsiyaviy huquqi hisoblanadi. Fuqaroning saylovga kelishi yoki kelmasligi ixtiyoriydir. Ayrim mamlakatlarda fuqarolarning saylovga kelmasligi ma’muriy javobgarlik keltirib chiqarishi nuqtai nazaridan oladigan bo‘lsak, bizning milliy saylov qonunchiligimiz demokratik tamoyillarga to‘liq muvofiqligini ko‘rishimiz mumkin.  

Ayniqsa YeXHT DIIHBning xalqaro saylov standartlarida belgilangan saylovchilarning ro‘yxatini aniq va to‘g‘ri tuzishga oid talabalarga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 5 iyundagi 1337-sonli  qarori bilan tasdiqlangan “Uchastka saylov komissiyasi tanishtirish va saylovchilar ro‘yxatidagi noaniqliklar xususida shikoyat qilish huquqi mustahkamlangani fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi.  

Hurmatli saylovchi saylovchilar ro‘yxatida bormisiz?  

 Abdumannob RAHIMOV, O‘zbekiston Respublikasi  

Konstitutsiyaviy sudining sudyasi  

O‘zA