Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovchilar ro‘yxatida bo‘lmasa kimga murojaat qilish kerak?
11:22 / 2024-09-05

Demokratik huquqiy davlatda xalqning xohish-irodasi birlamchi hisoblanadi va umumxalq saylovlari asosida davlat hokimiyati shakllantiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining II-bob 7-moddasida mustahkamlangan «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir», VIII-bob 36-moddasida belgilangan «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega»ligiga oid normalar ham buning ifodasidir. Mamlakatimizda saylov jarayonida ushbu normalar o‘z amaliy ifodasini topadi.

O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov Kodeksi bilan kafolatlanadi. 2023 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiq sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslargina saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.  

Demak, bilishimiz kerakki, saylovchilarning saylovga oid siyosiy huquqi Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilgan.  

Xo‘sh qonunchilikka muvofiq saylovchilar ro‘yxatini shakllantirishga oid qanday huquqiy kafolatlar belgilangan?  

O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksiga muvofiq, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Bundan bilish mumkinki, saylov kuni ham 18 yoshga to‘ladigan fuqarolar ham ushbu ro‘yxatga kiritilishi kafolatlangan.  

Har bitta saylovchi doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha bitta saylov ro‘yxatiga familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili bo‘yicha kiritilishi lozim. Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi.  

Harbiy qismlarda istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari shuningdek, vaqtincha yashash joyida bo‘lmagan fuqarolar, jumladan, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida tuziladi.  

Chet elda istiqomat qiluvchi yoki turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ham ushbu siyosiy huquqidan foydalanishi uchun davlat barcha sharoitlarni ta’minlab beradi. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro‘yxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuziladi.  

Bunda fuqarolarimizni O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi.  

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘radi va natijalari bo‘yicha zarurat bo‘lsa, saylovchining Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.  

Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi. Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar ro‘yxatidagi o‘ziga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham ta’minlanadi.  

Amaliyotda ayrim fuqarolarning saylov ro‘yxati tanishib chiqish uchun e’lon qilingan vaqtda, hatto saylov kuni ham saylovchilar ro‘yxatidan tushib qolganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Xo‘sh, ushbu holatda fuqaro o‘z konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish uchun qayerga murojaat qilishi kerak?  

Saylov Kodeksiga muvofiq, saylov komissiyalari saylovchilarning ro‘yxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga o‘zgartishlar kiritishi mumkin. Bu, albatta, fuqaro doimiy yoki vaqtinchalik yashayotgan hududda tuzilgan, jumladan, chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.  

Saylov kuni biron-bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.  

Masalan, fuqaro chet davlatida turgan bo‘lsa, uning murojaatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organiga Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun darhol taqdim etadi.  

Bundan tashqari, qonunchilikda O‘zbekiston Respublikasida saylov yoshiga yetgan har bir fuqaro agar saylovchilar ro‘yxatida xatolik yoki noaniqlik ko‘rsa, doimiy yashash joyidagi yoki vaqtinchalik yashash joyidagi saylov komissiyasiga arz qilishi mumkinligi belgilangan. Ushbu murojaat uchastka saylov komissiyasi tomonidan 24 soat ichida tekshirilishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.  

Agar fuqaro uchastka saylov komissiyasining harakatlari va qarorlaridan norozi bo‘lsa, yuqori turuvchi saylov komissiyasi va sudga murojaat qilishi mumkin.  

X.Safarova,

Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi