Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimova Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hamda Shirin shahrida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar aholi murojaatlarini o‘rganish, hududlardagi dolzarb muammolarni aniqlash va ularning yechimini topishga qaratildi.
Boyovut tumanidagi tashrif tuman hokimi Niyoz Hazratqulov qabulidan boshlandi. Qabul davomida hokim hududda amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli rejalar haqida ma’lumot berdi. Xususan, ichki va asosiy yo‘llarni ta’mirlash, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng deputat tumanning “Sovotobod”, “Madaniyat”, “Tinchlik” hamda Alisher Navoiy mahalla fuqarolar yig‘inida aholi, tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar, yosh sportchilar va yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlar davomida drenaj (tikquduq)larni ta’mirlash, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, yo‘l qurilishi va ta’miri, imtiyozli kreditlar olishda amaliy yordam ko‘rsatish, Alisher Navoiy nomidagi MFY binosini rekonstruksiya qilish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish kabi masalalar ko‘tarildi.
Bildirilgan barcha murojaatlar deputat tomonidan atroflicha o‘rganilib, ularning ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilot va idoralarga deputatlik so‘rovlari yuborildi.

Deputatning navbatdagi uchrashuvlari Shirin shahrida davom etdi. Shahar hokimi Dilfuza Qambarova bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda shahar infratuzilmasini rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash hamda ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, Gavhar Olimova shahardagi Energetika texnikumida yoshlar bilan, mahallalarda esa tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Amir Temur, “Do‘stlik”, Mirzo Ulug‘bek va “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan muloqotlarda ko‘p qavatli uylar atrofiga videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish, ichki yo‘llarni ta’mirlash masalalari bo‘yicha bildirilgan murojaatlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborildi.

Boyovut tumani va Shirin shahridagi uchrashuvlar davomida deputat mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026 yil 27 yanvar kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini samarali ta’minlashga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalarning mohiyati va ahamiyatini saylovchilarga yetkazdi. Shu maqsadda profilaktika inspektorlari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan alohida suhbatlar o‘tkazildi.

Shuningdek, ishtirokchilarning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini takomillashtirish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha bildirgan takliflari o‘rganilib, Boyovut tumani va Shirin shahri hokimlariga jamoat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA