27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi hal qiluvchi pallaga kirmoqda. Ayni paytda siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar o‘z saylovoldi tashviqoti tadbirlarini o‘tkazmoqda. Saylov uchastkalarida ham saylovchilar ro‘yxatlari chiqarilib, ovoz berishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Bugundan muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi.
– Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega, – deydi Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi kotibi Amrillo Aktamov. – Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi. Shunga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi joriy yilgi saylovda muddatidan oldin ovoz berishni 2024 yil 16 – 23 oktyabr kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar o‘tkazishni belgiladi. Viloyatimizdagi 1130 ta saylov uchastkasiga muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish uchun saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdorida saylov byulletenlari yetkazib berildi.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilishi lozim.
Samarqand tumani Oqmachit mahallasida yashovchi Kamola Mansurova 27 oktyabr kuni oilaviy marosim sababli yashash joyida bo‘la olmasligi sababli bugun 865-saylov uchastkasiga kelib, o‘z fuqarolik huquqidan foydalangan holda o‘zi tanlagan siyosiy partiya va deputatlikka nomzodlarga muddatidan oldin ovoz berdi.
– Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga o‘tkazilayotgan saylovda qatnashadigan partiyalar va nomzodlar dasturlari bilan tanishdim, saylovoldi targ‘ibot tadbirlarida qatnashdim – deydi K.Mansurova. – Demoqchimanki, dasturlardagi o‘zimga ma’qul kelgan taklif va tashabbuslarni bilaman. Shundan kelib chiqib, bugun o‘zim tanlagan partiya va nomzodlarga ovoz berdim. Ular parlament va mahalliy Kengashlarda bizning vakillarimiz sifatida dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirishlariga ishonaman.
[gallery-19780]
Samarqand tumanidagi 865-saylov uchastkasida 2500 dan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan.
– Hozirda mahalladagi xonadonlarning har biridagi saylovchilar soniga aniqlik kiritilib, ro‘yxat takomillashtirilmoqda, – deydi 865-uchastka saylov komissiyasi raisi Anvar Zohidov. – Hozirda uchastkada ovoz berishni o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Zarur jihoz va texnik vositalar, saylovga oid qonun hujjatlari va ma’lumotnomalar bilan ta’minlanganmiz. Bugundan boshlangan muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish uchun saylov byulletenlari, konvert va boshqa vositalarni olganmiz.
Viloyatdagi boshqa saylov uchastkalarida ham muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari