English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovchilar muddatidan oldin ovoz bermoqda
15:10 / 2021-10-14

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand saylov okrugi hududidagi saylov uchastkalarida ham bugundan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari boshlandi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 5 oktyabrda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, bu yilgi Prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish 2021 yil 14-20 oktyabr kunlariga belgilandi. Saylovchilar shu kunlar davomida soat 9:00 dan soat 19:00 ga qadar o‘zlari ro‘yxatga olingan saylov uchastkasiga borib, muddatidan oldin ovoz berishlari mumkin.

 Paxtachi tumanidagi 817-saylov uchastkasida Ukrach va Farovon Yo‘ldoshobod mahallalarida yashovchi 2350 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Uchastka saylov komissiyasi raisi Sadriddin Boboyevning aytishicha, saylovchilar ro‘yxatiga uyma-uy yurib aniqlik kiritish jarayonida 34 nafar saylovchi 24 oktyabr kuni turli sabablarga ko‘ra, uyda bo‘lmasligi va shuning uchun muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalanmoqchi ekanligini bildirgan. Bugun ulardan to‘rt nafari uchastkaga kelib, muddatidan oldin ovoz berdi.

 – Navoiy viloyati Zarafshon shahrida ishlayman, – deydi N.Xolbekov. – Ertaga ishga ketishim kerak. Shuning uchun bugun saylov uchastkasiga keldim konstitutsion huquqimdan foydalanib, o‘zim munosib deb bilgan nomzodga muddatidan oldin ovoz berdim.

 Samarqand shahridagi 133-saylov uchastkasida Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti o‘qituvchi va talabalari ham saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Ularning ayrimlari saylov kuni ushbu hududda bo‘lmasligi sababli bugundan e’tiboran muddatidan oldin ovoz berishda qatnashmoqda.

 – 24 oktyabr kuni uyimga – Andijonga borishni rejalashtirgandim, – deydi O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabasi M.Karimov. – Lekin saylovda ham qatnashmasam bo‘lmaydi. Shuning uchun muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandim. Boshqa tengdoshlarimni ham saylovda faol qatnashishga da’vat etaman.

 

G‘.HASANOV,  

A.ISROILOV (surat), O‘zA