Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov: yoshlar nima deydi?
07:46 / 2021-10-23

Muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga juda oz fursat qoldi. Ushbu jarayonda asosiy kuch bo‘lgan yoshlarning faol ishtiroki muhim. Bu borada yoshlarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

Otabek Xo‘jasobitov, 

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi mas’ul xodimi:

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlarida yoshlar bilan qator uchrashuv, forumlar tashkil etildi. Siyosiy debatlarda ularning siyosiy bilimlarini mustahkamlashga erishildi.

Ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan yoshlarning saylov qonunchiligi bo‘yicha bilimlarini oshirish eng muhim vazifalardan biri. Bu borada yoshlar tashkilotlari hududlarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bordi. Targ‘ibot ishlari mahallalardan tortib harbiy bilim yurtlari, korxona va muassasalarda, oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar bilan uchrashuvlar tarzida tashkil etildi. Mazkur uchrashuvlar davomida yoshlarning siyosiy-huquqiy madaniyati, bilimi oshganiga guvoh bo‘ldik.

Targ‘ibot davrida uchrashuvlar bilan birga, internet va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan unumli foydalanishga e’tibor qaratildi. Ushbu jarayonlarda yoshlarimizning nechog‘lik faol va saylovga katta qiziqish bilan qarayotgani muhim ahamiyatga ega.

Abbos Erkinov,

talaba, yoshlar faoli:

— Bu yil saylovda ilk bor ovoz beraman. Saylov oldidan tasavvurlarim bir olam, qolaversa, juda hayajondaman.

Saylovga tayyorgarlik jarayonida Yoshlar ittifoqi faoli sifatida o‘zim kabi tengdoshlarimiz orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bordik. Ana shunday uchrashuvlar davomida tengdoshlarimizning juda faolligi, saylovga qizg‘in ruhda qarayotganiga amin bo‘ldim.

24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi har birimizning ertamiz, kelajagimizga daxldor muhim jarayon. Shu bois ham saylovda shaxsan o‘zim ishtirok etib, munosib deb bilgan nomzodga ovoz beraman.

Muzaffarbek Bekmurodov,

Toshken davlat yuridik universiteti talabasi:

— Oldimizda turgan muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari davomida poytaxtimizda Media-xoll tashkil etilgani quvonarli bo‘ldi. Chunki bu yerda biz yoshlar partiya faollari, mas’ul vakillar  bilan qator uchrashuvlarda ishtirok etib, saylov bo‘yicha bilimlarimizni oshirdik. Nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik.

Bundan tashqari, mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilgan ishlardan ham chuqurroq xabardor bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bunday imkoniyat yaratilganidan mamnunmiz.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA