Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Baxodir Yusupaliyev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Baxodir Yusupaliyev o‘z so‘zida saylov uchastkalarida ovoz berish kuni sanitariya-epidemiologik xavfsizlik va fuqarolar salomatligini himoya qilish borasida olib borilyotgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazishda saylov komissiyasi a’zolari hamda saylov jarayoni boshqa ishtirokchilari o‘rtasida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishini oldini olish maqsadida ovoz berish binolari ovoz berishdan kamida 6 soat oldin dezinfeksiya qilingan.
Saylovda sanitariya qoidalarga rioya etish xar bir saylovchining salomatligini saqlashda muhim hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, saylovchining binoga kirishida tana harorati o‘lchanmoqda. Ularga himoya niqobi va tibbiy qo‘lqoplar ham berilib, qo‘llari antiseptik bilan dezinfeksiya qilinmoqda.
Agarda saylovchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari o‘rtasida tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lsa, ular ovoz berish xonasiga kiritilmaydi. Ularning ovoz berishlari uchun alohida ajratilgan joylarda ko‘chma saylov qutilari va kabinalar tashkil etilgan. Pandemiya sharoitini hisobga olgan holda, yashirin ovoz berish kabinalariga parda osmasmadi, saylovchi va saylov komissiyasi a’zosi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri (kontakt) muloqotni kamaytirish choralari ko‘rildi.

Koronavirus infeksiyasidan uy sharoitida davolanayotgan saylovchining turgan (yashash) joyida ovoz berishi uchun uchastka saylov komissiyasi tomonidan saylovchi uchun alohida sellofan paketga solingan tibbiy niqob, tibbiy qo‘lqop, saylov byulleteni to‘plami tayyorlandi.
Eslatib o‘tamiz, saylov komissiyasi a’zolarining COVID-19 bilan kasallanib, tuzalganiga qisqa vaqt bo‘lgan yoki emlashga qarshi ko‘rsatmalari mavjud bo‘lganlaridan tashqari barchasi koronavirus infeksiyasiga qarshi to‘liq emlangan.
Saylov komissiyasi a’zolarining COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganligi ham ularni kasallikdan ximoyalashning yana bir muxim omili bo‘ldi. Yuqoridagi tadbirlarning bajarilishiga sog‘liqni saqlash tizimining 21 mingdan ortiq mutaxassislari jalb etildi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra saylov uchastkalariga tashrif buyurgan shaxslarning 53 nafarida tana haroratining ko‘tarilishi aniqlanib, ular darhol boshqalardan alohida xonaga (izolyatorga) ajratildi, ularga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatildi va bir vaqtning o‘zida yashirin ovoz berishlari tashkil etildi.
Yurtimizdagi COVID-19 koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan shifoxonalarda 25 ta saylov uchastkalari tashkil etilib, shifoxonada davolanayotgan 3 ming nafar saylovchilar (bemorlar) ovoz berishlari uchun imkoniyat yaratildi. Shuningdek, respublika bo‘yicha 150 dan ortiq shifoxonalarda saylov uchastkalari tashkil etilib, ularda davolanayotgan bemorlarning ovoz berishlari ta’minlandi.
N.Nasriyev, O‘zA