Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov uchastkalarida saylovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan
11:57 / 2024-10-15

Mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Farg‘ona viloyatida 1 ming 210 ta saylov uchastkasi tuzilib, faoliyat olib bormoqda. Ayni kunlarda bir guruh xalqaro kuzatuvchilar viloyatda bo‘lib, saylov jarayoni bilan tanishmoqda.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasining Saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi shtabi rahbari Yevgeniy Kozyak Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Yevgeniy Kozyak Farg‘ona viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Erkinjon Nuraliyev bilan muloqot qilib, saylovga tayyorgarlik jarayonlari, bu galgi saylovlarning o‘ziga xos jihatlari, bunda hududiy saylov komissiyasining vazifalari, saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish jarayoni, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, ovoz berishni o‘tkazish uchun ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan suhbatlashdi.

Shundan so‘ng hududiy saylov komissiyasi a’zolarining ish faoliyati, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Qayd etish joizki, o‘tgan vaqt davomida joylardagi barcha saylov uchastkalari saylovga oid qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlandi. Jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini e’tiborga olgan holda binolarga nishab yo‘laklari barpo etildi.

[gallery-19744]

Xalqaro kuzatuvchi Farg‘ona shahridagi 71-uchastka saylov komissiyasida bo‘lib, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Farg‘ona davlat universiteti binosida joylashgan mazkur uchastkada 1513 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ilk saylovchilar 59 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, 34 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov kuni emin-erkin saylovda ishtirok etishini ta’minlash choralari ham ko‘rilgan. Uchastka saylov komissiyasi raisi Muhammadjon Mamajonov bilan bo‘lgan suhbatda siyosiy jarayonga puxta hozirlik ko‘rilayotganiga guvoh bo‘lindi.

Shuningdek, Farg‘ona shahridagi monomarkaz binosida joylashgan 88-uchastka saylov komissiyasida bo‘lgan Yevgeniy Kozyakga hozirda komissiya a’zolari tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida batafsil axborot berildi.

Xalqaro kuzatuvchi uchastka saylov komissiyasi raisi va a’zolari bilan 16-23 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan muddatidan oldin ovoz berish tartibi va qonun-qoidalari haqida suhbatlashdi.

Bundan tashqari, xalqaro kuzatuvchi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali binosida joylashgan 92-saylov uchastkasida ham bo‘ldi.

– Muhim siyosiy jarayonga Farg‘ona viloyatida ham puxta tayyorgarlik ko‘rilayotganini guvohi bo‘ldik, – deydi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasining Saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi shtabi rahbari Yevgeniy Kozyak. – Saylov uchastkalarida saylovchilar, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Uchastka saylov komissiyalarining a’zolari esa o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishga astoydil kirishgan.

M.Sulaymonov,  

M.Qodirov (surat) O‘zA