English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun barcha sharoitlar yaratiladi
17:13 / 2023-06-07

Yurtimizda joriy yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 Unda saylov uchastkalarida barchaga, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish masalasi muhokama markazida bo‘ldi.  

11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi raisi Erkinjon Nuraliyev boshqarib borgan yig‘ilishda okrug saylov komissiyasi a’zolari, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlovchi nodavlat tashkilotlar mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Mamlakatimizda barcha fuqarolarning, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashning huquqiy-tashkiliy asoslari va samarali mexanizmlari to‘la shakllantirilgan. Ayni kunlarda saylov uchastkalari binosini va ovoz berish xonalarini tanlash, jihozlashda O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligida belgilangan barcha shart-sharoitlarni, xususan, uchastka saylov komissiyalarining joylashgan yeri, nogironligi bo‘lgan saylovchilarning ovoz berish joyiga kelib-ketishi, binoga kirib-chiqishi, harakatlanishi, erkin va to‘siqlarsiz ovoz berishi uchun har tomonlama qulay bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi okrug saylov komissiyasi raisi Erkinjon Nuraliyev.

Yig‘ilishda, shuningdek, saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida kabinalar, kirish hududlarida panduslar tashkil etilishi, ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun brayl alifbosidagi byulletenlar, lupalar mavjudligi, nogironligi bo‘lgan saylovchilar gavjum yashaydigan hududlarda, ehtiyoj bo‘lsa, ularning saylov uchastkalariga kelib ketishlari uchun bepul transport bilan ta’minlanishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.  

Qayd etish lozimki, nogironligi bo‘lgan shaxslar saylovlarda ishtirok etish orqali nafaqat siyosiy huquqlaridan foydalanadi, balki bu orqali o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qiladi.   

Shohsulton TO‘XTAMATOV,  

11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi matbuot markazi xodimi