Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov uchastkalari saylovga shay
16:16 / 2021-10-21

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi va Toshkent viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda komissiya raisi Mahmud Boltaboyev okrug hududidagi uchastkalarda muddatidan oldin ovoz berish jarayonining natijalari, joylarda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va sukunat kuni bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 13 oktyabrdagi “Ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Unga ko‘ra, 10-Toshkent viloyati saylov okrugida ovoz berish kuni saylov jarayoni onlayn video-translyatsiya qilinadigan 22 ta saylov uchastkasi ro‘yxati tasdiqlandi. Ayni paytda viloyatdagi 963 ta saylov uchastkasining barchasi saylovga tayyor. Joriy yilning 20 otkyabr kuni saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish yakunlandi. 14 oktyabrda boshlangan muddatidan oldin ovoz berishda 22 ming 745 nafar saylovchi ishtirok etdi.  

Xususan, hududlar kesimida tahlil qilinganda eng ko‘p Zangiota tumanida 3 ming 610 nafar, Chirchiq shahrida 2 ming 430 nafar, O‘rta Chirchiq tumanida 1 ming 548 nafar, Parkent tumanida 1 ming 436 nafar, Bo‘stonliq tumanida 1 ming 427 nafar fuqarolar va 1 ming 743 nafar harbiylar muddatidan oldin ovoz berishda qatnashdi. Hozir saylov pandemiya sharoitida o‘tayotgani inobatga olinib, bir martalik tibbiy niqob, antiseptik vositalar, komissiya a’zolari uchun himoya vositalari ajratilgan va yetkazildi. Joylarda har bir saylov uchastkasiga ikki nafardan tibbiyot xodimlari biriktirildi. Yakuniy ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning umumiy soni 1 million 799 ming 742 nafarni, jumladan, saylovda qatnashuvchi 18-30 yoshdagi fuqarolar 567 ming 621 nafarni (31.5 foiz), ayollar 907 ming 837 nafarni (50.44 foiz) tashkil etmoqda.

Matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan sukunat kuni haqida ham aytib o‘tildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savolarga komissiya raisi va a’zolaridan javoblar oldi.

Shundan so‘ng Nurafshon shahridagi saylov uchastkalarida saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

 

A.Musayev, O‘zA.