Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik
08:29 / 2021-10-12

Mamlakatimizda ijtimoiy hayotning barcha sohalari modernizatsiya qilinishi natijasida demokratik talablarga javob beradigan zamonaviy saylov tizimi yaratildi.

Saylov jarayonida ochiqlik hamda oshkoralikni ta’minlashning huquqiy mexanizmlari takomillashtirildi. Saylov qonunchiligini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik qat’iy belgilab qo‘yilishi saylov erkinligi prinsipi yanada to‘liqroq amalga oshirilishiga, mamlakatimiz saylov tizimi yanada demokratlashtirilishiga, saylovning ochiq hamda oshkoraligi tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Prezident saylovi ilk marta yangi Saylov kodeksiga muvofiq o‘tkazilishi muhim siyosiy yangilik deb baholanishi mumkin.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi Qonun qabul qilinishi natijasida yurtimiz parlamenti tomonidan saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlariga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, 2021 yil 31 may kuni saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga tayangan holda o‘tkazilishi uchun “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, Saylov kodeksining bir qator moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ya’ni, manfaatdor shaxs saylov komissiyalarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilishi mumkinligi belgilandi. Avvalgi qonunchilik bo‘yicha sudga yoki yuqori turuvchi saylov komissiyasiga murojaat qilishi mumkin edi.

Shikoyat berishi mumkin bo‘lgan manfaatdor shaxs nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar ham bo‘lishi mumkin.

Ma’lumki, saylov qonunchiligini buzilishi ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi sakkizta moddadan iborat bo‘lgan yangi bob — “Saylovlar va referendumlarni tashkil qilish va o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” deb nomlangan V[1] bob bilan to‘ldirildi. Saylovga oid huquqbuzarliklar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga alohida bob ajratilgan. Saylov va referendumni tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun 9 ta holatda ma’muriy javobgarlik choralari belgilandi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining huquqlarini, saylovoldi tashviqoti shartlari va tartibini buzish kabi harakatlar ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida nomzod yoxud siyosiy partiya to‘g‘risida ataylab yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qilish bilan bog‘liq harakatlar sodir etish ham ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishiga olib keladi. Ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, bayonnomani Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, saylovni o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zolari tuzishlari mumkin. Bayonnoma tuzish uchun saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, nomzodlarning ishonchli vakillarining arizalari, uchastka saylov komissiyalarining xabarlari, fuqarolarning arizalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat tashkilotlari va mansabdor shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalarining xabarlari asos bo‘ladi.

Bilamizki, saylash va saylanish huquqlari jinoyat qonunchiligi bilan ham muhofaza qilinadi. Jinoyat kodeksida ham saylov qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi alohida normalar mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 146-moddasida saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun, 147-moddasida esa saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Kiritilgan asosiy o‘zgartishlardan biri shundaki, Saylov kodeksiga binoan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxslarga ham saylovlarda ovoz berishga, jazoni ijro etish muassalarida saylov uchastkalarini tuzishga ruxsat etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinishi, bu qaror ustidan saylov yakunlari e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun ichida Oliy sudiga shikoyat qilish mumkinligi, Saylov kodeksining 96-moddasiga asosan qat’iy belgilab qo‘yildi.

Umuman olganda, saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi saylov erkinligi prinsipining to‘liq amalga oshirilishi, mamlakatimiz saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylovning ochiq-oshkoraligi prinsiplarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qunduz Rozimova,
TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi katta o‘qituvchisi,
yu.f.f.d.(PhD).