O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 13-Qashqadaryoda okrug saylov komissiyasi a’zolarining navbatdagi yig‘ilishi va ular ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Yig‘ilishda dastlab okrug saylov komissiyasining ish rejasi ko‘rib chiqildi. 26 banddan iborat ish reja komissiya a’zolarining har biri uchun dasturilamal bo‘lishi ta’kidlanib, bir ovozdan ma’qullandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 13-okrug saylov komissiyasining tegishli qarori bilan okrug saylov komissiyasining matbuot markazi tashkil etildi.


Saylov jarayonining barcha ishtirokchilariga, keng jamoatchilikka, mahalliy, markaziy va xorijiy OAV vakillariga tezkor axborot yetkazilishini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan mazkur matbuot markazi 6 kishidan tarkib topgan. Ular “qashqadaryosaylov.uz” veb-sayti va okrug saylov komissiyasiga qarashli boshqa axborot resurslarini o‘zbek, rus hamda ingliz tilida yuritilishini ta’minlaydi.
Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasi direktori Jahongir To‘ychiyev matbuot markazi rahbari, ingliz tilida chop etiladigan “Inside Kashkadarya” jurnali bosh muharriri Asror Allayorov matbuot markazi rahbari o‘rinbosari etib tasdiqlandi.


Shundan so‘ng okrug saylov komissiyasi a’zolari ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Unga soha mutaxassislari taklif etilib, komissiya a’zolarining O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 22-moddasida belgilab berilgan vakolatlari, huquq va burchlari yana bir bor batafsil, misollar yordamida tushuntirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayonni ko‘tarinki ruhda va yuqori tashkiliy darajada o‘tkazishdan iborat.
Ta’kidlash kerakki, okrug saylov komissiyasi tegishli hududda Saylov Kodeksining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi; saylov uchastkalarini tuzadi, okrug bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qiladi; uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi; uchastka saylov komissiyalarini tuzadi va ularning tarkibi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi; nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi.
O‘lmas Barotov, O‘zA