Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlarning ahamiyati nimada?
15:17 / 2023-11-03

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Viloyat yoshlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda Markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov, Qonunchilik palatasi deputatlari Navro‘z Rizayev va G‘ayrat Abdiyev mazkur qonunni ishlab chiqish zaruriyati va u bilan mamlakatimiz saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

– Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ikkita muhim masalaga alohida e’tibor qaratilgan, – dedi Xudoyor Mamatov. – Birinchidan, Markaziy saylov komissiyasi boshchilik qiladigan markazlashgan saylov komissiyalarining vertikal tizimini tashkil etish, ikkinchidan, mamlakat saylov tizimiga aralash (majoritar, proporsional) saylov shaklini joriy etish nazarda tutilgan. Bu mamlakatimizdagi demokratik yangilanish jarayonlari, qonunchilikning takomillashtirilishi, refrendum va saylovlarda orttirilgan tajribalar va xalqaro amaliyot o‘rganilishi asosida ishlab chiqildi. Saylov komissiyalari tizimiga kiritilayotgan o‘zgartirishga muvofiq mamlakatimizda saylov komissiyalari tizimi –– Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman/shahar saylov komissiyalari, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari, shuningdek, uchastka saylov komissiyalariga Markaziy saylov komissiyasi bevosita boshchilik qiladi. Bu barcha bosqichdagi saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishda milliy saylov qonunchiligining bir xilda qo‘llanilishi va demokratik saylov standartlariga asoslangan yagona saylov amaliyoti shakllanishida ijobiy natija beradi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining aralash saylov tizimi asosida saylanishi esa siyosiy partiyalarning saylovchilar oldidagi mas’uliyatini va jamiyatdagi faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Chunki, qonun kuchga kirishi bilan saylovchilar nafaqat nomzodlarga, balki partiyaning o‘ziga, dasturiga ham ovoz beradilar.

Seminarda Qonunchilik palatasi deputatlari Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari, unda belgilanayotgan normalar mohiyati haqida batafsil tushuncha berdi.

Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Shu kabi seminar Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasida tibbiyot xodimlari ishtirokida ham o‘tkazildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri