Milliy saylov qonunchiligimiz umum e’tirof etilgan xalqaro prinsip va normalarga to‘la mos holda huquqiy jihatdan yanada rivojlantirildi, liberallashtirildi va saylov amaliyotini modernizatsiyalash yo‘lida yangi bosqich boshlandi. Bunda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi dasturilamal bo‘layotir.
Ilgari saylovlarni o‘tkazish tartibi alohida-alohida normativ huquqiy-hujjatlar bilan tartibga solingan edi. Siyosiy sohadagi islohotlar natijasida saylov tizimi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq tartibga solinadi. Ushbu kodeksga muvofiq Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, mahalliy kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish tartibi belgilab qo‘yilgan. Qonun bilan saylovlarda har bir fuqaro bir ovozga ega ekanligi, erkin va yashirin ovoz berilishi, saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish ochiq va oshkora amalga oshirilishi mustahkamlangan. Saylov kodeksi bilan saylov okruglari va uchastkalarini tuzish, saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish tartibi belgilangan.
Saylovlar faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishning muhim vositasi hisoblanadi. Saylovlar orqali fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etadilar, davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirishga o‘z xohish-irodalarini bildirish orqali qatnashadilar.
Joriy yilda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Qonun loyihasida saylov tizimini takomillashtirishga oid bir qancha yangiliklar bor. Xususan Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Bugungi kunda amalda bo‘lgan saylov qonunchiligimizga ko‘ra, siyosiy partiyalar har bir saylov okrugi bo‘yicha aniq nomzodni ilgari surishi hamda ularga okrugdagi saylovchilarning mutlaq ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan taqdirdagina deputat etib saylanishi belgilab qo‘yilgan. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 150 ta hududiy saylov okruglari tuzilib, ularning har biridan bittadan deputat saylanadi.
Bunday qoidalar bugungi kunda O‘zbekistonda amal qilayotgan majoritar saylov tizimiga taaluqli. Hozirgi kunda 80 ga yaqin xorijiy davlatlarning xususan Fransiya, Kanada, Buyuk Britaniya, AQSH, Hindiston vakillik organlari ushbu tizim asosida shakllanib kelmoqda. Shu o‘rinda aytish joizki, majoritar saylov tizimida aksariyat nomzodlarning hech biri saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini ololmaganda takroriy ovoz berish jarayonining o‘tkazilishini taqozo etadi. Bundan tashqari, deputatlar o‘rni bo‘shagan taqdirda, shu o‘rinlarni to‘ldirish maqsadida saylov komissiyalari faoliyatini tiklagan holda saylov o‘tkazish zarur bo‘ladi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi asosida o‘tkazish, ya’ni quyi palataning 75 nafar deputati avvalgidek majoritar, qolgan 75 nafari esa proporsional saylov tizimi asosida saylanishi belgilanmoqda. Bunda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 75 ta hududiy saylov okruglari tuzilib, saylovchi deputatlikka nomzodga emas, balki siyosiy partiyalarga (ularning nomzodlar ro‘yxatiga) ovoz beradi. Vakillik organidagi deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalarning deputatlikka nomzodlar ro‘yxatlari o‘rtasida taqsimlanadi. Partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har uchta nomzodning bir nafari ayol kishi bo‘lishi nazarda tutilyapti. Bu esa vakillik hokimiyatida xotin-qizlar o‘rnini ko‘paytirish orqali gender tengligini ta’minlash hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish ularning ijtimoiy faolligini oshirish imkonini beradi.
Shuningdek proporsional tizim asosida shakllantirilgan deputatlik o‘rni bo‘shab qolsa, tegishli partiya ro‘yxatidagi keyingi navbatdagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlar hisobidan to‘ldirilishi belgilanyapti. Bundan tashqari, yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lishi o‘rnatilmoqda. Bunda ko‘ppartiyaviylik tamoyiliga sodiq qolgan holda kam ovoz to‘plagan partiyalarga ham imkoniyat yaratish maqsadida Qonunchilik palatasida fraksiya tuzishi mumkin bo‘lgan deputatlar soni to‘qqiz nafardan besh nafarga tushirilmoqda. Shuningdek, hech qaysi partiya kamida yetti foiz ovozni to‘plamagan bo‘lsa, saylov o‘tmagan, deb topilishi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovchilarning ovozi asosida deputatlik o‘rinlarini partiyalar o‘rtasida taqsimlashning aniq tartibi o‘rnatilmoqda. Bunda, proporsional saylov tizimida yetti foizlik chegaradan o‘tgan partiyalarga yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik o‘rniga bo‘linadi va undan chiqqan raqam saylov koeffitsiyenti hisoblanadi. So‘ngra har bir partiyaga yoqlab berilgan ovozlar soni mana shu saylov koeffitsiyentiga bo‘linadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan hamohang holda davlat va jamiyat qurilishi tizimini yanada takomillashtirish borasida ham keng ko‘lamli siyosiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda aytish joizki, proporsional saylov tizimi 75 ta xorijiy davlatlarda xususan Turkiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Avstriya, Italiya, Braziliyada joriy etilgan.
Dunyoda yana bir saylov tizimi ham borki, bu majoritar va proporsional saylov tizimlarini uyg‘unlashtiruvchi aralash saylov tizimidir. Aralash saylov tizimi dunyoning 36 ta mamlakatida, xususan Germaniya, Vengriya, Belgiya, Yaponiya, Ispaniya, Yangi Zelandiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda mavjud.
Aralash saylov tizimida vakillik organlariga saylangan deputatlar va saylovchilar o‘rtasidagi aloqani ta’minlash hamda partiyalarga o‘zlari olgan ovozlarga mutanosib deputatlik mandatlarini qo‘lga kiritish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari saylovlarda taqdim etilgan siyosiy partiyalarning ro‘yxatidagi nomzodlar hisobidan to‘ldiriladi. Bu esa saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq Davlat byudjeti mablag‘lari sarfi qisqarishiga olib keladi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda majoritar va proporsional saylov tizimlari o‘ziga xos xususiyatlarini namoyon etuvchi aralash saylov tizimini joriy etilishi kelgusida respublika siyosiy hayotida saylov institutining jamiyat va davlat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda izchil ravishda takomillashib borishiga poydevor bo‘ladi.
D.Anvarova,
TDYUU Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi
o‘qituvchisi