Toshkent viloyati Olmaliq shahrida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Olmaliq shahrida tashkil etilgan 41 ta saylov uchastkasi komissiyalari a’zolari, saylov uchastkasi bino rahbarlari, saylov uchastkasiga biriktirilgan vakillar, jamoat tashkilotlari, yoshlar vakillari, mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi raisi Mahmudjon Boltaboyev, Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov, hokimning jamoatchilik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Doniyor Ahmedov ham ishtirok etib, Prezident sayloviga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur yirik siyosiy jarayonga Olmaliq shahrida ham yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Jumladan, 41 ta saylov uchastkalari tuzildi. Saylov uchastkasi sifatida tanlangan binolarning 17 tasi umumta’lim maktablarda, 6 tasi yangi qurilgan mahalla fuqarolar yig‘ini idoralarida, 6 tasi “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi binolarda, 3 tasi o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida, 3 tasi tadbirkorning xususiy binolarida, 2 tasi oliy ta’lim muassasalarida va 4 tasi boshqa tashkilot binolarida (FXDYO, kommunal, Barkamol avlod, harbiy qism) tashkil etilgan.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan saylovchilarga qulaylik yaratish uchun binolarning kirish va chiqish qismiga 16 ta yangi nishab (panduslar) qurildi. Barcha saylov uchastkalari binolari yong‘inga qarshi kurashish vositalari bilan to‘liq ta’minlanib, tibbiyot xonalari jihozlandi. Bundan tashqari, binolar telefon va internet aloqasi bilan to‘liq ta’minlandi hamda ajratilgan 2 tadan zamonaviy kompyuterlar o‘rnatildi.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda Olmaliq shahrida jami saylovchilar soni 77 ming 765 nafar, birinchi marta saylovda ishtirok etuvchilar 2 ming 754 nafar, imkoniyati cheklangan saylovchilar 1 ming 520 nafar, bevosita uyida ovoz beruvchilar 337 nafar va talabalar 117 nafarni tashkil qilmoqda.

Yig‘ilishda amalga oshirilayotgan tashkiliy ishlar atroflicha muhokama qilindi.
A.Musayev, O‘zA