Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov: OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda
21:52 / 2023-05-27

Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxo‘jayev olib bordi.  

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida OAV vakillarining ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, 6 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 54 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Ta’kidlash joiz, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi. Nizomga asosan, ommaviy axborot vositalarining vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatishi, shuningdek, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiya qilinishi, ommaviy axborot vositasi vakillarining vakolat muddati unga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan kundan boshlanishi va saylov yakunlari rasman e’lon qilingan kuni tugashi, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kalendar rejaga muvofiq  ommaviy axborot vositalari 20 maydan boshlab, saylovga kechi bilan o‘n kun qolgunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga o‘z vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakili saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish, nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish, muddatidan oldin ovoz berish jarayonini kuzatish, saylov kuni ovoz berish xonalarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqishda hozir bo‘lish, saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish huquqiga egadirlar. OAV vakili O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga va Nizom qoidalariga rioya etmagan taqdirda, uning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.

Majlisda qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasiga turli OAVlaridan akkreditatsiyadan o‘tkazish haqidagi murojaatlar kelib tushishi davom etmoqda. Mazkur murojaatlar Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati tomonidan batafsil o‘rganib chiqilmoqda. Taqdim etilgan hujjatlarda ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun monelik qiladigan holatlar aniqlanmasa, hujjatlar belgilangan tartibda to‘liq taqdim etilgan bo‘lsa, MSK tomonidan qaror bilan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA