English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov kuni qay tartibda ishlaymiz?
18:49 / 2024-10-24

Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi matbuot markazida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Shu yilning 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi jarayonlarini yoritish uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashgan tadbirda saylovdan oldin va ovoz berish kunida jurnalistlarning huquq va majburiyatlari haqida so‘z yuritildi. 

Hududiy matbuot markazi va viloyat adliya boshqarmasi mas’ullari bu borada OAV vakillariga zarur ma’lumot va tushunchalarni yetkazdi.

– Saylov qonunchiligimizda belgilanganidek, saylov paytida ovoz berishdan boshqa barcha jarayonlar ochiq va oshkora amalga oshiriladi, – deydi Samarqand viloyati adliya boshqarmasi xodimi Orif Muhammadiyev. – Ommaviy axborot vositalari vakillari saylov kampaniyasining borishini, saylov komissiyalari faoliyatini yoritib borishga haqli. Ovoz berish kuni ham belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan ommaviy axborot vositalari xodimlari saylov uchastkalarida bo‘lib, jarayonni bevosita kuzatgan holda materiallar tayyorlashi va e’lon qilishi mumkin. Lekin bu jarayonda ham OAV vakillari rioya etishi kerak bo‘lgan tartiblar bor va bugun ular bilan shu haqda fikrlashib oldik. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi saylov jarayonlarini yoritish uchun 86 nafar samarqandlik ommaviy axborot vositalari vakili, jumladan, 49 nafar gazeta muxbiri, 24 nafar televideniye va radio xodimi, 13 nafar internet nashrlar jurnalisti akkreditatsiyadan o‘tkazilib, ularga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ruxsatnoma berilgan.

Seminar davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga viloyat hududiy saylov komissiyasi mas’ullari va mutaxassislardan javob oldi.

G‘.Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari