Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov jarayonlarini OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritishda nimalarga e’tibor berish lozim?
11:10 / 2021-10-09

Saylovlar jamiyat hayotidagi tarixiy jarayon. Xalq o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berish orqali davlat boshqaruvida ishtirok etib, davlat va jamiyat hayotidagi ma’lum muddatli kelajakni o‘zi ovoz bergan nomzod orqali ko‘radi.

Shunday muhim jarayonlarni aholiga yetkazish katta mas’uliyat talab qiladi. Chunki bu jarayonda xolislikni ta’minlash saylovning halol o‘tishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlarini mahalliy va xorijiy OAV vakillari yoritib borish huquqiga ega.

Saylov kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradi.

Saylov qonunchiligiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarining vakillari saylov jarayonlarini yoritish uchun tegishliligiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi (MSK) akkreditatsiyadan o‘tkazadi.

Saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab saylovga kamida o‘n kun qolgunga qadar OAV vakillari Markaziy saylov komissiyasiga akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilishlari mumkin.

Saylov jarayonlarini yoritish qachon boshlanadi?

Saylov jarayonlarini yoritish saylov kompaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingandan so‘ng boshlanadi. Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kompaniyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha ularning vakolat muddati tugashidan kamida uch oy oldin ommaviy axborot vositalarida e’lon berish orqali boshlanadi.

Yuqoridagi asosga ko‘ra, joriy yil 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berildi.

Saylov jarayonlarini yoritishda OAV vakillarining qanday huquqlari bor?

Saylov jarayonlarini yorituvchi OAV vakillari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish maqsadida saylov komissiyalarining majlislarida ishtirok etish, jumladan, nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda hamda nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etishi mumkin.

Shuningdek, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti va joyi haqida ma’lumot olish hamda ushbu jarayonlarni bevosita yoritib borish, saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish mumkin. Biroq bu tartib qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, OAV vakillari ovoz berish jarayonida hozir bo‘lish, shu jumladan, saylov kuni ovoz berish jarayonlarini kuzatish, ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish va saylov natijalarini aniqlashda hozir bo‘lish huquqiga egadirlar.

Saylov jarayonlarini yoritishda qanday majburiyatlar bor?

Saylov qonunchiligiga ko‘ra, OAV vakillari saylovchilarga ta’sir o‘tkazishi, qonunga xilof ravishda biron bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatishi, saylovchi ovoz berayotganida uning yonida bo‘lishi mumkin emas.

Shuningdek, saylovchilardan qaysi nomzodga ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish ham taqiqlanadi. Uchastka saylov komissiyasining faoliyatini kuzatishi va yoritib borishi mumkin, biroq saylov qutilari muhrlanayotgan yoki ochilayotgan paytda hamda ovozlar sanab chiqilayotganda bevosita aralashish kuzatuvchilarga ham, OAV vakillariga ham mumkin emas.

Bundan tashqari, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalari, saylov natijalari prognozlari, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish ham qonunchilikda man etilgan.

Saylovni yoritishning o‘ziga xosligi nimalardan iborat?

Caylov jarayonlarini yoritishdagi eng asosiy jihat – bu xolislikni ta’minlashdir. Bunda MSK ham, davlat va xususiy ommaviy axborot vositalari ham xolis bo‘lishi, barcha nomzodlarga nisbatan bir xil imkoniyat berilishini ta’minlashi lozim.

Shuningdek, o‘tgan saylovlar davomida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan berilgan qonunchilikka saylov kampaniyasi davrida davlat resurslarini suiiste’mol qilish masalasini hal etadigan aniq normalar kiritilishi lozimligi to‘g‘risidagi tavsiyasi inobatga olinib, Saylov kodeksining 44-moddasi quyidagi me’yorlar bilan to‘ldirildi:

“Quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi: davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining; O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning; saylov komissiyalari a’zolarining; diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi”.

Saylov qonunchiligiga tegishli normalar kiritilgan bo‘lsada, amalda bu qoidalardan bilib yoki bilmay chekinish ehtimoli yo‘q emas.

Buni ayniqsa davlat va nodavlat telekanallarida efirga uzatiladigan, nomzodlar va ularning dasturlariga bag‘ishlangan turli reklama roliklari, debatlar hamda tok-shoularga saylov targ‘iboti bilan shug‘ullanish qonun bilan taqiqlangan shaxslar – davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlarini, diniy soha vakillari yoki huquq-tartibot idoralari vakillari jalb etilishiga bo‘layotgan urinishlarda yaqqol ko‘rish mumkin.

Saylov jarayonlarini yoritib boruvchi barcha OAV, ular davlat yoki nodavlat tashkilot bo‘lishidan qat’i nazar, barcha uchun yagona mezon bu – xolislik bo‘lishi, ayniqsa, davlat mablag‘laridan moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalari neytrallikni saqlashi saylovlarning adolatli va qonuniy bo‘lib o‘tishidagi zaruriy shartlardan biridir.

Sevara O‘rinboyeva,

Adliya vazirligi mas’ul xodimi

O‘zA