Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Saylov huquqini bilasizmi?» tanloviga ishtirok eting
09:21 / 2021-09-22

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat kengashi tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning saylov qonunchiligi hamda saylov to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish maqsadida «Saylov huquqini bilasizmi?» tanlovi o‘tkazilmoqda.

–Tanlov yoshlar o‘rtasida milliy saylov qonunchiligi mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, bu boradagi bilimlarni oshirish, saylovga oid yangiliklardan xabardor qilish hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilmoqda, – deydi Kengash raisi Erkinjon Nuraliyev. – E’tiborli jihati, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida farg‘onalik yoshlar yanada faolligini namoyon etmoqda.

Mazkur tanlovda 18-30 yoshdagi fuqarolar ishtirok etayotgan bo‘lib, u ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda ishtirokchilar kengashning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 10 kun davomida e’lon qilingan savollarga javob beradi. Unda ishtirokchilardan e’lon qilingan 3 tadan savollarga tezkor, to‘g‘ri va asosli javob berish talab etiladi. Eng ko‘p ball to‘plagan 20 nafar ishtirokchi birinchi bosqich g‘olibligini qo‘lga kiritadi va ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Ishtirokchilarning ballari ikkinchi bosqichga o‘tmaydi.

Ikkinchi bosqich kengash binosida o‘tkazilib, 2 turdan iborat bo‘ladi. Birinchi turda ishtirokchilar uchun 20 donadan test savollari beriladi va javob berish uchun 30 daqiqa ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 1 balldan beriladi. Test savollariga javoblar barcha ishtirokchilar ko‘z o‘ngida tekshiriladi va ballar maxsus ekranda aks etadi.

Ikkinchi turda har bir ishtirokchiga navbati bilan 3 tadan savol beriladi. Savollarga tayyorgarlik ko‘rish uchun 3 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa ajratiladi. Har bir javob uchun 5 ball beriladi. Har bir ishtirokchi javob berganidan so‘ng ballari shu zahoti e’lon qilinadi va maxsus ekranda aks etadi. Birinchi va ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra eng yuqori ball olgan 3 nafar ishtirokchi g‘olib deb topiladi.

G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan 1 o‘rin diplom va «Zomin» sanatoriysiga yo‘llanma, 2 o‘rin diplom va noutbuk, 3 o‘rin diplom va televizor bilan taqdirlanadi.

Abror Otaboyev,

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining  

Farg‘ona viloyati kengashi xodimi.