Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylovni kuzatish missiyasi oraliq ma’ruzasida qayd etilganidek, O‘zbekiston saylovni demokratik tamoyillar asosida o‘tkazishga oid asosiy xalqaro bitimlar ishtirokchisi hisoblanadi. Prezident saylovi, asosan, 2023 yilgi Konstitutsiya va 2019 yilda qabul qilingan Saylov Kodeksi bilan tartibga solinadi.
Bosh Qomusimizni bugungi kun talabiga mos takomillashtirishga qaratilgan yangilangan Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan jarayonda aholining taklif va fikrlari hisobga olindi. Shu asosda amaldagi Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritildi. Bosh Qomusimizga tuzatish, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi bilan Konstitutsiya qariyb 60 foiz yangilandi, moddalar soni 128 tadan 155 taga yetdi. Huquqiy tizimda Konstitutsiya va Saylov Kodeksini qayta ko‘rib chiqishni o‘z ichiga olgan islohotlar jarayoni olib borildi.
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylovni kuzatish missiyasi qayd etishicha, yangilangan Konstitutsiya va Saylov Kodeksida alohida toifadagi shaxslarga saylov huquqini berishga oid oldingi tavsiyalar inobatga olingan.
Xususan, yaqin vaqtgacha og‘ir jinoyat sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida jazoni o‘tayotgan va muomalaga layoqatsiz, deb topilgan shaxslar saylovda ovoz berish huquqidan mahrum edi. Yangilangan Konstitutsiya qabul qilinishi bilan bunday toifadagi shaxslarga nisbatan ovoz berish bo‘yicha umumiy cheklov bekor qilinib, boshqa fuqarolar bilan teng ravishda bir xil saylov huquqi ta’minlandi. Ularning saylov huquqi faqat sud organlari qaroriga ko‘ra cheklanishi mumkin.
O‘zA