Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov demokratik mezonlar asosida oʻtadi
17:58 / 2019-10-28

Surxondaryo viloyatida joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarga puxta hozirlik koʻrilmoqda.

Saylov – 2019

Surxondaryo viloyatida joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarga puxta hozirlik koʻrilmoqda.

Mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan bu siyosiy jarayonni yuksak saviyada tashkil etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 11, xalq deputatlari viloyat Kengashiga 60, tuman, shahar Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 409 saylov okrugi hamda 785 saylov uchastkasi tuzildi. Okrug, uchastka saylov komissiyalarining samarali faoliyat yuritishi uchun qulay sharoit yaratilib, ular joylashgan binolar, komissiya aʼzolari xonalari milliy qonunchiligimizda belgilangan mezonlar asosida jihozlanayotir. Saylov uchastkalarida oʻz xohish irodasini erkin ifoda etadigan fuqarolar uchun ham barcha qulayliklar yaratilmoqda.

– Joriy yilgi saylovlarda 1 million 532 ming 289 saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda, – deydi xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyasi raisi Sh.Boyqulov. – Bu zimmamizga masʼuliyatli vazifalarni yuklaydi. Shunga muvofiq tegishli ishlar belgilangan reja asosida olib borilmoqda. Barcha saylov okruglari va saylov uchastkalarimiz zamonaviy sharoitlarga ega binolarda joylashgan. Ularni talab darajasida jihozlab, komissiya azolari, kuzatuvchilar hamda saylovchilar uchun zarur qulayliklarni yaratish maqsadida koʻrgazmali seminarlar tashkil etilmoqda. Okrug saylov komissiyalarining qonunchiligimizda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishi, saylov uchastkalari joylashuvi, ajratiladigan binolar va saylovchilar haqidagi maʼlumotlarning aniq, puxta boʻlishini taʼminlash masalalariga alohida ahamiyat berilayotir. Viloyat saylov komissiyasi aʼzolari hududlarga biriktirilib, ularga koʻmaklashish yoʻlga qoʻyildi.

Yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida tashkil etilayotgan siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik ishlari va saylov jarayonini tezkor, xolis yoritish uchun viloyat Matbuot uyi binosida Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining hududiy boʻlimi ham faoliyat yuritmoqda. Tezkor WiFi zonasi, kompyuter va boshqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jurnalistlar xizmatida. Saylovchilarning savollariga aniq javob beradigan “Calcenter” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Videomuloqot qilish uchun monitor oʻrnatilgan.

– “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar!” shiori ostida oʻtadigan muhim siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik jarayonini yoritishga katta eʼtibor berilmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi, Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining hududiy boʻlimi rahbari S.Salamov. –Saylov targʻibotini tashkil etish, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar bilan ishlash masalalari boʻyicha davra suhbatlari, seminar va boshqa tadbirlar tashkil etilmoqda. Viloyat saylov komissiyasi, siyosiy partiyalar va mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida matbuot anjumanlari oʻtkazilayotir. Buning uchun eng tajribali, saylov qonunchiligini biladigan jurnalistlar jalb etilgan. Ular internet tarmogʻi, teleradio va bosma ommaviy axborot vositalarida siyosiy kampaniyaga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlarini yoritib, aholini saylovga oid yangiliklar bilan tezkor tanishtirmoqda. Telegramm va feysbukdagi sahifalarimizda yangi qabul qilingan Saylov kodeksi haqida tushunchalar berib borayapmiz.

Viloyatda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilingan “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni yuqori saviyada oʻtkazish belgilab olingan. Shu asosda taʼlim, tibbiyot muassasalari, mahalla va tashkilot, korxonalarda saylovlarning ahamiyati, yangi Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovchilarning yagona elektron roʻyxati kabi mavzularda davra suhbati, uchrashuv va boshqa tadbirlar tashkil etilayotir.

– Bu yilgi saylovlar oʻtgan yillarga nisbatan ham ochiq-oshkora va umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillar asosida oʻtkazilishi bilan bizda katta qiziqish uygʻotmoqda, – deydi Termiz davlat universiteti yoshlar ittifoqi yetakchisi N.Omonov. – Shu bois talaba-yoshlarimiz, ayniqsa, saylovlarda ilk marta ishtirok etadigan yigit-qizlar uchun turli tadbirlar tashkil etib, ularning saylov qonunchiligi boʻyicha bilimlari, siyosiy koʻnikmalari oshirilmoqda. Ovoz berish tartiblari keng tushuntirilayotir. Bu ishlar talabalarimizning siyosiy faolligini yanada oshirib, jamiyat rivoji uchun oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etishida muhim ahamiyat kasb etadi.