Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov-2023: O‘qishni tugatgan yoshlarning ishga joylashish kafolati mustahkamlanadi
14:44 / 2023-06-15

Prezident saylovi kampaniyasining muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti qizg‘in ruhda davom etmoqda. Joylarda nomzodlar va ularning ishonchli vakillari saylovchilar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

O‘zXDPdan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Surxondaryo viloyatidagi ishonchli vakili, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova Uzun tumanidagi saylovchilar bilan uchrashdi.  

Ishonchli vakil yig‘ilganlarni nomzod saylovoldi dasturida belgilangan maqsadlar, tashabbuslar bilan tanishtirdi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod dasturida 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan maktab o‘quv dasturlarida chet tillari va axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv soatlarini ko‘paytirish, davlat hisobidan oliy ta’lim olish tizimini takomillashtirish, kam ta’minlangan oilalarning iqtidorli farzandlari ta’lim olishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadlar haqida saylovchilarga batafsil ma’lumot berildi.  

Qayd etilganidek, yoshlarning kasb-hunar tanlashi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash, tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy qilish va tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, shifokorlar tomonidan dorilarni tayinlashda elektron retsept tizimiga o‘tish kabi maqsad-vazifalar ilgari surilmoqda. Shuningdek, dasturda ehtiyojmand shaxslarga ajratilayotgan moddiy-ijtimoiy yordam mablag‘larining manzilli va maqsadli yetib borishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish taklif etilmoqda.  

Bundan tashqari, bir qator yangi qonun loyihalari ham taklif etilmoqda. Jumladan, “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish nazarda tutilgan. Bu pensiya va ijtimoiy nafaqalarning miqdorini belgilashda, ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilishda dolzarb ahamiyatga ega bo‘ladi.  

Uchrashuvda ishonchli vakil saylovchilarning savollariga batafsil javob berdi.  

M.Komilova, O‘zA