Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylov – 2023: Demografik jarayonlarni tizimli o‘rganishni yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda
17:59 / 2023-07-05

Ayni kunlarda saylovoldi tashviqoti oxirlab bormoqda. Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov Toshkent shahrida Prezidentlik saylovi oldidan saylovchilar bilan oxirgi uchrashuvini o‘tkazdi.

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili Nigora Eshmetova saylovchilarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. So‘ngra nomzod so‘zga chiqib, saylovoldi dasturidan o‘rin olgan g‘oya va tashabbuslar mazmun-mohiyatini saylovchilarga tushintirib berdi. 

Qayd etilganidek, dasturda ijtimoiy tenglikka asoslangan xalq hokimiyatchiligi prinsipini mustahkamlash orqali demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish g‘oyasiga urg‘u berilgan. Demokratik jamiyatning eng muhim belgilaridan biri – jamiyat a’zolarining qonun oldida tengligi, Konstitutsiya va qonun ustuvorligining ta’minlanganidadir. Binobarin, demokratik qadriyatlar amal qilingan sharoitda davlat faoliyati fuqarolar nazorati ostida bo‘ladi.  

Dasturda davlat organlari faoliyatiga aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadigan muammolarni oldindan aniqlash va ularni samarali hal qilish mexanizmlarini keng tatbiq etish taklif etilgan. Shu bilan birga, demografik jarayonlarni tizimli o‘rganishni yo‘lga qo‘yish orqali, davlatning istiqboldagi ijtimoiy majburiyatlarini aniq belgilab borish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.  

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda yillik tug‘ilish deyarli bir millionni tashkil qiladi. Demak, aholi sonining oshishi sohaviy tarmoqlarda o‘z aksini ko‘rsatadi. Ya’ni, aholi soni oshgani sari uning ehtiyojlari, iste’mol quvvati oshib boradi. Mamlakatdagi demografik o‘sishni hisobga olib, eng muhim ehtiyojlarni muntazam o‘rganib borish tizimini yo‘lga qo‘yishning ijtimoiy ahamiyati katta ekani qayd etildi.  

Bundan tashqari, nomzod dasturida yoshlar masalasiga ham alohida o‘rin berilgan. Jumladan, salohiyatli yoshlar siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tizimida ishlashini rag‘batlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan. 

Uchrashuv davomida saylovchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, savollariga javob oldilar.  

Muhtarama Komilova, O‘zA