Saylovda ishtirok etish fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini ta’minlovchi siyosiy huquqi sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 5-moddasiga asosan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin.
Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, saylash huquqiga ega mahkumlar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Saylovchilarning ro‘yxatlari esa mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi va saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga kiritiladi.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar huquqlari tushuntirilmoqda.
Ombudsmanning mintaqaviy vakili Shuhrat Jo‘rayev mahkumlarning saylash huquqi va undan foydalanish tartibi bo‘yicha Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun targ‘ibot tadbiri o‘tkazdi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan tadbirda Navoiy viloyatidagi 4, 5, 11, 12-son jazoni ijro etish koloniyalari va 36-sonli manzil koloniyada xizmat qilayotgan 200 nafarga yaqin xodim ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, saylov kuni qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarining ma’muriyati mahkumlarning saylov uchastkasiga kirib chiqishi va xavfsizligini ta’minlashi, shuningdek, ichki tartib-qoidalariga rioya etishi uchun mas’ul hisoblanadi.
Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari mazkur muassasalarning ma’muriyati bilan birgalikda saylovchilarni saylov to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish jarayonlari, saylov o‘tkazish vaqti va tartibi hamda nomzodlar haqida xabardor qilib boradi.
Tadbirdan keyin 4 - sonli jazoni ijro etish koloniyasida mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, ular bilan jamoaviy uchrashuvlar o‘tkazilib, muassasa va ularga munosabat bo‘yicha fikrlar o‘rganildi.
Koloniyaga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”si ko‘zdan kechirildi va murojaatlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA