31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni
Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ma’naviy hayotimizni tubdan isloh qilish, milliy o‘zligimizni, milliy an’ana va qadriyatlarimizni, tarix haqiqatlarini tiklashga jiddiy e’tibor qaratila boshlandi. Millat ma’naviyatini yuksaltirish va yurt ozodligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan millat oydinlarining vatanparvarlik harakatlari, qahramonligi, fidoyiligi keng tadqiq etila boshlandi.
Ma’lumki, mash’um qatag‘on yillarida 100 mingdan ziyod begunoh vatandoshimiz qatag‘on qilingan. Minglab aybsiz yurtdoshlarimiz “xalq dushmani” degan tamg‘a, nohaq ayblov bilan otib tashlangan, yana minglab vatandoshimiz og‘ir sharoitlardagi o‘lkalarga surgun qilingan. Aybsiz aybdor bo‘lgan millatdoshlarimizning orqasidan esa qanchadan-qancha ayollar beva, bolalar yetim bo‘lib qolgan.

So‘nggi yillarda jadidchilik harakati namoyandalari va vatan ozodligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan millatdoshlarimizning faoliyatini o‘rganish, nomini oqlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bu iztirobli yillarda nohaq ayblanib, nomi qora qilingan 1 ming 200 dan ziyod bobolarimizning nomi oqlandi.
Tariximizning ushbu qorong‘u yillari sahifasini o‘rganish, ilmiy jihatdan tadqiq etish va yoshlarga yetkazish bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz shukronasiga zamin bo‘ladi.
Bu borada tarixchi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzayev qatag‘on davri siyosati, jadid namoyandalari faoliyatini keng o‘rganib kelayotgan olimlarimizdan biri. Bahrom Irzayev Munavvarqori Abdurashidxonovning shogirdlaridan biri, birinchi o‘zbek ayol jurnalisti Sobira Xoldorovaning turmush o‘rtog‘i Sayid Ahmad Nazirovning hayoti va qizg‘in faoliyati haqida so‘zlab berdi:
— Sayid Ahmad Nazirov 1904 yil Toshkentning Zanjirlik mahallasida tavallud topgan. U Munavvar qori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabining eng iqtidorli o‘quvchilaridan biri bo‘lgan. Maktabni bitirgach, akasi — jadid taraqqiyparvarlarining faollaridan Otaxon Nazirovning savdo do‘konlarini yuritish uchun Andijonga yuboriladi. U 1916-17 yillarda “Sho‘roi islom”ning Andijon bo‘limiga qarashli “Umid” kutubxonasida ishlagan. Bir muddat Qo‘qonda o‘qituvchilik ham qildi.
Sayid Ahmad Naziriy 1918 yil Toshkentda Sayid Ahroriy rahbarligidagi “Izchilar” to‘dasi tomonidan ochilgan muallimlar kursida o‘qiydi. 1921 yil Toshkent ishchi fakultetiga kirdi. Ayni paytda Usmonxon Eshonxo‘jayev rahbarligidagi faol yoshlar guruhida sovetlarning “qizil imperiya”cha siyosatiga, paxta yakkahokimligiga qarshi chiqadi va kadrlarni mahalliylashtirish masalasini ilgari suradilar. Bu paytda Said Ahmad Naziriy muharrirligida nashr etilgan “Armug‘on” jurnali ko‘pchilikka manzur bo‘ladi.
1922 yil “Ko‘mak” uyushmasining eng faol tashabbuskorlaridan Said Ahmad Nazirov Qo‘qonda bo‘lib, “Ko‘mak” uyushmasi foydasiga pul yig‘ishda ishtirok etadi. Sentyabr oyiga kelib, boshqa yoshlar qatori o‘zi ham Leningraddagi Zinovev nomidagi komuniversitetda o‘qishni boshlaydi. Biroq, ko‘p o‘tmay diplomat bo‘lish niyatida o‘qishni Leningrad jonli Sharq tillari institutida davom ettiradi. U 1924 yilda tahsilni yakunlab, O‘zbekistonga keladi.
Said Ahmad avvaliga Maorif xalq komissarligi huzurida Elbek rahbarlik qilayotgan bilim kengashida kotib bo‘lib ish boshladi. So‘ng GUSda kollegiya a’zosi va rais bo‘ladi. O‘ta shijoatli Said Ahmad Maorif xalq komissari Rahim Inog‘omov tomonidan kollegiya a’zoligiga qabul qilinadi va 1927 yilgacha O‘zbekiston davlat nashriyotiga raislik qiladi. U o‘z atrofiga Fitrat, Elbek, Sanjar Siddiq, Qayum Ramazon, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Shorasul Zunnun, Bo‘lot Soliyev kabi yetuk mutaxassislarni jamlangan edi. Shu yillarda Cho‘lponning “Yorqinoy”, “Tong sirlari”, “Buloqlar” kabi she’riy to‘plamlari, Fitrat, Elbek A.Qodiriy kabi milliy ziyolilarimizning qator asarlari katta nusxada chop etiladi. U rahbarlik qilgan vaqtni “O‘zdavnashr”ning “oltin davri” deyishar edi. Said Ahmad Nazirov “Inqilob”, “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnallarining tahrir hay’atida bo‘ldi, “Qizil qalam” uyushmasiga kirib, unga Fitrat, Elbek, Cho‘lponlarni jalb etdi.
Biroq, uning avj faoliyati “qizil mustamlakachi”larning maqsadiga mos kelmas edi. Said Ahmad Nazirov SredAzbyuro rahbariyati tomonidan “O‘zdavnashr” raisligidan ishdan olinib, Moskvadagi Plexanov institutiga o‘qishga yuboriladi. 1928 yil u Moskvaga kelishi bilan o‘zbek talabalarining ilmiy to‘garaklari yanada rivoj topadi. Said Ahmad Nazirov barcha o‘zbek talabalarini uyushtirib, o‘z yo‘liga soladi.
Afsuski, Said Ahmad Nazirov Moskva tekstil institutining muhandis-iqtisodchi fakultetining 4-bosqichini tugatish arafasida Moskva shahri Bolshoy Patriotskiy pereulok 4-uy 15-xonadondan qamoqqa olinadi. Uzoq tergov jarayonidan so‘ng, u otib tashlandi.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA