Samarqandda o‘tkazilayotgan yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchi tomonlarining 20-sessiyasi (CITES CoP20) doirasida O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi hamkorligida “Sayg‘oq: yangi chaqiroqlar” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Markaziy Osiyodagi dala ekotizimlarining asosiy turlaridan biri sanalgan sayg‘oq populyatsiyasini saqlash va barqaror boshqarish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, xalqaro va milliy tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari hamda sayg‘oqni o‘rganish va muhofaza qilish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar ishtirok etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov sayg‘oq qadimiy va betakror tur bo‘lib, brakonerlik va noqonuniy savdo sabab inqiroz yoqasiga kelib qolganligini ta’kidladi.
– O‘zbekiston Ustyurt populyatsiyasini barqaror boshqarishdan manfaatdor – dedi qo‘mita raisi. – Bizning ekotizimlarimiz o‘zaro bog‘liq, dala va cho‘llarimiz yagona tabiiy landshaftni tashkil etadi, demak, mas’uliyat ham umumiy. Bugun O‘zbekiston va Qozog‘iston migratsiya yo‘nalishlarini monitoring qilishdan tortib patrul xizmatlari, ma’lumotlar almashish, ilmiy tadqiqotlar va brakonerlikka qarshi kurash choralarigacha yaqin hamkorlikni amalga oshirmoqda. Biz buni umumiy manfaat va tabiiy mas’uliyatga asoslangan strategik sheriklik deb bilamiz.

– Sayg‘oqni saqlab qolish va uning populyatsiyasi uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston birgalikda harakat qilmoqda, bu borada anglashuv memorandumi ham bor, – dedi Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev. – Bu kiyik turi yozda Qozog‘istonda bo‘lsa, qishni Qoraqalpog‘istonda o‘tkazadi, ular uchun chegara degan tushuncha yo‘q. Sayg‘oqni himoya qilish, brakonerlarning tahdididan asrashda birgalikda ishlaymiz. Bugungi kunda bizning birgalikdagi ishimiz tufayli bu noyob tur ko‘payishi kuzatilmoqda va biz bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

Tadbirda O‘zbekistonda sayg‘oq populyatsiyasini tiklash, Qozog‘istonda sayg‘oqlar soni dinamikasi, sayg‘oq populyatsiyalarini saqlashda xalqaro va milliy NNTlarning hissasi, Qozog‘istonda bu noyob tur populyatsiyalarini boshqarish rejalari haqida ma’ruzalar tinglandi.
Muloqot davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdilar, dolzarb muammolar va keyingi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Muhokamalar yakunida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, monitoring mexanizmlarini takomillashtirish va sayg‘oq populyatsiyasini saqlash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari