Saxovatpeshalarga “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonlari topshirildi
Shahardagi “Shirintoy va kichkintoy Sabina” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari Barchinoy Usmonovaning saxovati alohida tahsinga loyiq.
Guliston shahar hokimligida “Sardoba” suv ombori toshqinini bartaraf etishda hamda pandemiya davrida kam taʼminlangan, “Saxovat va koʻmak” umumharakati doirasida yordamga muhtoj, vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarga yordam koʻrsatgan bir guruh yurtdoshlarimiz “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Taqdirlanganlar orasida suv toshqini talafotlarini bartaraf etib, obod qilish va aholiga qulay sharoit yaratishda jonbozlik, fidoyilik, pandemiya davrida homiylik, mehr-saxovat namunasini koʻrsatgan ishbilarmon va tadbirkorlar, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlarni oʻz jonlarini garovga qoʻyib davolagan tibbiyot xodimlari, “Sardoba” suv ombori toshqini paytida aholini evakuatsiya qilish uchun oʻz avtotransportlarini favqulodda holat yuz bergan hududga yoʻllab, hozirda ham shu hudud aholisiga beminnat xizmat koʻrsatayotgan saxovatpesha insonlar borligi har birimiz uchun faxrlidir.
Jumladan, “Saxovat va koʻmak umumharakati doirasida Guliston shahridagi “Abdulaziz Yevro-stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Shuhrat Ergashev 400 million soʻmlik, “Umar nerudnik” MCHJ rahbari Azim Xodjiyev 300 million, “Guliston madad qurilish” MCHJ rahbari Yusuf Karayev 200 million, “Dantes Construction” MCHJ rahbari Dantes Ustajalilov 70 million soʻmlik begʻaraz moddiy yordam koʻrsatdi.
Shahardagi “Shirintoy va kichkintoy Sabina” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari Barchinoy Usmonovaning saxovati alohida tahsinga loyiq. Barchinoy toshqindan zarar koʻrganlarning 500 nafaridan ortigʻiga, Guliston shahri va tumanidan kam taʼminlangan oilalarning 200 nafardan ortigʻiga oziq-ovqat, 3 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari va fuqarolarga tibbiy niqob va antiseptik vositalarni bepul tarqatdi.
Tadbirda Guliston shahar hokimi Toʻlqinjon Dadabayev soʻzga chiqib, el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli pandemiya kunlarda, suv toshqinidan koʻrilgan talofat oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan barcha-barchaga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.