Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saxovat va mehr-oqibat ayyomi
15:04 / 2022-05-02

Muborak Ramazon hayiti yurtimiz musulmonlari qatori Namangan viloyatida ham shodu xurramlik ruhida nishonlamoqda.

Erta sahardan viloyatdagi 188 ta masjidga otlangan minglab vatandoshlarimiz hayit namozlarini emin-erkin ado etdi.

– Viloyatimizning shimoliy hududi – Chortoq tumani markazidan 50 kilometr olis manzilda joylashgan Baliqko‘l mahallasidagi azim go‘shada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan xalqimizning boy va qadimiy diniy-ma’naviy merosini tiklash, faol targ‘ib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi, – deydi “Sulton Uvays Qaraniy” jome masjidi imom xatibi Bahodirxon Mavlonov. – O‘z davrining yetuk allomasi, tasavvuf ta’limotining yirik vakili Uvays Qaraniy hazratlari nomi bilan ataladigan yodgorlik majmuasi bunyod etildi. Saqlanib qolingan muazzam binolar qaytadan qurildi, ularning yoniga yondosh ravishda muzey va zamonaviy mehmonxona bilan yanada fayziyob bo‘lgan mazkur ziyoratgoh bugungi kunda nafaqat yurtimiz, balki, yaqin qo‘shni va xorijiy davlatlardan kelayotgan mehmonlar uchun qutlug‘ turizm maskaniga aylandi.

Viloyatdagi 7 ta masjidda taroveh namozlari o‘qildi, 183 ta masjidda xatmi Qur’onlar qilindi. Shu yilning yanvar oyidan boshlab fuqarolarimizning Umra ziyoratiga borishlarini qayta yo‘lga qo‘yilgani natijasida, o‘tgan to‘rt oy mobaynida 3 mingdan ziyod namanganliklar qutlug‘ safarni ado etishga muyassar bo‘ldi.

– bugungi dorilomon kunlarga yetkazganiga ming shukr, diniy ibodatimizni xursandchilik bilan ado etish nasib qilganidan bag‘oyat mamnun bo‘ldik, – deydi Namangan shahridagi Ibrat mahallasida istiqomat qiluvchi 77 yoshli mehnat faxriysi Rahmonxon Azizov. – Mahallamizdagi “Miryoqubboy Mirhakimboy” jome masjidi uchun bir vaqtning o‘zida 3,5 ming namozxonni o‘z bag‘riga oladigan uch qavatli yangi bino qurilmoqda. Davlatimiz rahbarining qarori bilan hayit kunlari bayram va alohida qo‘shimcha dam olish kunlari sifatida belgilandi. Hayotda adashgan yo bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, bu qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 65 nafar mahkum afv etilgani ham chinakam bag‘rikenglik, insonparvarlik va mehru oqibat ifodasi bo‘ldi.

Viloyat "Mahalla" xayriya jamoat fondi, Namangan shahridagi “Diyor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, faollari hamda “Yahyoxon to‘ra” jome-masjidi vakillari hududda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand, bemor, boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘iz va nogironligi bor kishilar holidan xabar oldi.

Ramazon hayiti jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat va shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirish, yoshlarimizda yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qiladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA