Joriy yil o‘tgan olti oyi davomida «Mahalla» xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boshqaruvi, uning Sardoba tuman bo‘limi huzurida tashkil etilgan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan ijtimoiy ahvoli og‘ir, moddiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan 50 nafar fuqaroga xalq deputatlari tuman Kengashining qaroriga asosan 156 million 800 ming so‘mlik yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2022 yil 25 maydagi "Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, fondning tuman bo‘limi tomonidan "Temir daftar" ro‘yxatiga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir ahvoldagi 59 oilaning 221 nafar a’zosiga 20 kilogrammdan, jami 4420 kilogramm miqdoridagi, 22 million 900 ming so‘mlik un mahsulotlari mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari, sektor rahbari vakillari hamrohligida yetkazib berildi.
- Biz bu bilan cheklanib qolmaymiz, - deydi «Mahalla»xayriya jamoat fondi Sardoba tuman bo‘limi bosh mutaxassisi Murodim Bultakov. - Maqsad, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yordam ko‘rsatish. Bu boradagi ishlarni yil davomida amalga oshirib, xalq deputatlari tuman kengashi a’zolarining maslahati, ular tomonidan chiqarilgan qarorlar asosida amalga oshiramiz.
Sh.Suyarov, O‘zA