Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Saxovat va ko‘mak” – maqsadli yo‘naltirilgan mablag‘lar
12:02 / 2022-07-26

Pandemiya sabab yurtimizda ham aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilanib, tibbiy, ijtimoiy himoya kuchaytirildi.

Karantin choralari ko‘rilgan vaqtda bir qator yurtdoshlarimiz ish joylari, daromad manbalaridan mahrum bo‘lib, bir muncha iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga keldi. Bu kabi muammolar, kambag‘allikka barham berish uchun Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 apreldagi farmoyishi bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi qoshida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tashkil etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p farzandli oilalar, nogironligi bor, doimiy ish joyini yo‘qotgan shaxslarga pul mablag‘lari, kundalik iste’mol tovarlari, dori vositalari va boshqa mahsulotlari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan edi.

“Mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlash orqali yordamga muhtoj oilalar o‘rganilib, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi ko‘magida ehtiyojmandlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish, uzoq vaqt davolanayotgan bemorlarga yordam ko‘rsatish, ishsiz aholi bandligini ta’minlashga erishilmoqda.

Namangan viloyatida, 2022 yilning olti oyi mobaynida jami 11 ming 447 oilaga 5 milliard 129 million 504 ming so‘mlik turli ko‘rinishdagi moddiy yordamlar ajratildi.

– “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarga yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilib, insonparvarlik ko‘magi ko‘rsatib kelinmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ahmadjon Mukarramov. – Mehr-muruvvatga tashna oilalar vakillariga daromad manbalarini yaratish uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratildi. Xususan, shu yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha salkam 11 ming 500 oilaga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Shundan 9 ming 327 oilaga “Namangan tajribasi” sifatida kundalik ehtiyoj mollari uchun 2 milliard 500 million so‘m yo‘naltirildi, natijada, oilalar daromad manbalariga ega bo‘ldi. Kimgadir parranda, chorva berilgan bo‘lsa, yana kimlargadir payvandlash dastgohi, tikuv mashinasi, mikroto‘lqinli pech, motokultivator, inkubator va shunga o‘xshash mehnat qilib oilaga daromad keltiruvchi ish qurollari yetkazib berildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA