Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida muborak Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Jizzax viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasi tashabbusi bilan “Shodiyona” tantanalar majmuasida 300 nafardan ortiq ro‘zador — ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi. Dasturxon atrofida jamlanganlarga alohida e’tibor va yuksak hurmat ko‘rsatildi.


Xayriya tadbiri davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.


Tadbir davomida yakka yolg‘iz keksalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bemorlar holidan xabar olindi. Samimiy muloqotlar orqali dillar yaqinlashdi, ezgu tilaklar bildirildi. Shuningdek, ularga oziq-ovqat mahsulotlari hamda kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarqatildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri