Xalqimizda “Keksalik ko‘prik”, degan naql bor. Inson keksaygach, hamma uchun birdek suyanchiq, maslahatgo‘y, duogo‘yga aylanadi.
Afsuski, hayotning turli sinovlariyu, taqdirning kutilmagan zarbalari bor. Bu sinovlar kutilmaganda inson boshiga tushishi, uni esankiratib qo‘yishi mumkin.
Shunday hollarda insonning atrofida unga suyanchiq bo‘ladigan farzandlari, yaqin kishilari, hattoki boshpanasi bo‘lmasa-chi? Oramizda shunday insonlar yo‘q deysizmi? Bor albatta. Ana shunday boshpanasidan, farzandlari mehriyu e’tiboridan, jigarlari diydoridan benasib qolgan otaxonu onaxonlar taqdiri haqida hikoya qilishni lozim topdik.
O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan jurnalistlar uchun Samarqand viloyatidagi “Saxovat uyi”ga press-tur uyushtirildi. U yerda bir oiladek hamjixatlikda yashayotgan keksalar bilan suhbatlashdik.
Yakka yolg‘iz insonlar hamisha davlatimiz himoyasida, e’tiborida, e’zozida. Bu yerda yashayotgan 148 nafar otaxonu onaxonlarning turfa xil taqdiri, kechmishi bor. Ular taqdirlari haqida bizga so‘zlab berishdi. Keksalarning hikoyalari, kechmishlari kimgadir saboq bo‘lsa, yaqinlarining vijdonini o‘yg‘otsa, ne ajab...
Rajab ota Inomov, 70 yosh:
– “Saxovat uyi”ga o‘tgan yili 9 may kuni keldim. Farzandlarim, ayolim bor. Ammo ular ancha yillar oldin Qrimga ko‘chib ketishgan. Ayolim rus. Yaqinlarim Qrimga ko‘chib ketamiz, deyishgach, yashab turgan uyimni sotib, pulini ularga berdim. Bunga ancha yillar bo‘ldi. O‘zim qorovullik qilib, o‘sha yerda yashab yurardim. Keksayib, kuchdan qolgach, ko‘chada qoldim. Yolg‘iz o‘g‘ilman. Aka-ukalarim, opa-singillarim yo‘q. Boradigan eshigim bo‘lmagach, shu yerga keldim. Xudoga shukr, bu yerda barcha sharoitlar yetarli. Boshpanam bor. Bugun qayerda tunni o‘tkazaman ekan, deb qayg‘urmayman. O‘zimga o‘xshagan do‘stlarim ko‘p. Ular bilan yashash qiyin emas.
Mavjuda opa Ergasheva, 64 yosh:
– Ota-onam olamdan o‘tib ketgach, bir o‘zim qoldim. Yolg‘iz farzandman. O‘z kunimni ko‘rish uchun tanish-bilishlarning uylarida bolalariga, kasal ota-onalariga qarab, kun o‘tkazib yurdim. Ko‘rpa-to‘shak qavidim, dalalarda ishladim. Mehnatim ortidan odamlardan ba’zida rahmat, ba’zida haqorat ham eshitdim. Turmushga chiqib, oila qurish haqida o‘ylamadim, shu paytgacha yolg‘izman. Mehnatga yaroqsiz bo‘lib qolgach, shu yerga kelib yashay boshladim. Bu yerga kelgach oilamni topdim, mehr nimaligini his qildim. Xonamda ikkita bemor ayol bor. Ularga ham qo‘limdan kelganicha yordamlashaman. Ular bilan opa-singildek bo‘lib ketdik.
Agar hozir menga kimdir o‘zingizga uy olib beraman, borib yashaysizmi, desa yo‘q deyman. Chunki men bu yerda oilamni, yaqinlarimni topdim. Mehr nimaligini shu yerda his qildim. Shu yoshimgacha hech kimdan iliq gap eshitmaganman. Doim odamlarni ko‘zlariga termulib, nima der ekan, deb hadik bilan yashaganman. Bu yerda tunda issiqqina o‘rnimda xotirjam uxlab, ertalab yaxshi kayfiyat bilan o‘yg‘onaman. Men kabi yolg‘izlar uchun shunday imkoniyat yaratayotgan insonlarga katta rahmat.
Farhod Davronov, 70 yosh:
– Men G‘ijduvondan kelganman. Uch nafar farzandlarim, 9 ta nabiram bor. Ayolim arman millatiga mansub. U bilan kelisholmay qolgach, Rossiyaga ko‘chib ketishdi. Farzandlarim meni ham ko‘chib borishimni aytishdi, sovuq o‘lkada yashashga o‘rganmaganman. Ketolmadim. 15 yil yolg‘iz yashadim. Qarz bo‘lib qolgach, hovlimni sotdim. Ijarada yashab yurgandim, betob bo‘lib qolgach, qarovsiz qoldim. Bir piyola issiq choyga zor bo‘ldim. Davolanishim uchun dori-darmonga ham pulim yo‘q, og‘ir ahvolda qolgandim. Hokimlik yordamida shu yerga kelib yashayapman. Hozir sog‘lig‘im yaxshi.
Zarif Sattorov, 67 yosh:
– Bu yerga 2017 yilda kelganman. Uylanganman, ammo farzandlarim yo‘q. Taqdirga tan berib, o‘z kunimni ko‘rib yurdim. Ba’zida issiq ovqat ichsam ba’zida yo‘q. Yonida mehribon insonlari bo‘lmagach, pala-partish hayot kechirar ekan odam. Ayniqsa, erkak kishi uchun yolg‘izlik juda og‘ir kechadi. Dard orttirib olgach, nima qilishimni bilmay qoldim. “Saxovat uyi”ga kelib dardimga anchagina shifo topildi. Bolaligimdan xayvonlar boqishga qiziqaman. “Saxovat uyi” rahbari Surayyo Djavatovaga qiziqishlarimni aytgandim, hovli chetidan joy ajratib berdi.
U yerda dastlab qo‘yxona qurib, qo‘y boqdim. “Saxovat uyi”dagi oshxonadan chiqqan po‘choqlar, tomorqadagi o‘tlar bilan bemalol qo‘ylarimni boqaman. Kabutar boqish jonu dilim. Bu orzuim ham ushaldi. Qo‘yxonaning yoniga tovuq, o‘rdak, g‘ozlar uchun ham joy qurdik. Hozir o‘rdaklarim, g‘ozlarim bolalagan. Ularni ertalab hovliga qo‘yib yuboraman. Har kuni ertalab kabutarlarimni osmonga uchiraman, osmonda gir aylanib, charx urib kelishadi. Ko‘pchilik keksalar ularni tomosha qilishga chiqishadi. Umrimning besh-o‘n kunligi bormi yo‘qmi, bilmadimu, bu yerda kunlarim maroqli o‘tyapti. Har kuni qushlarim bilan gaplashaman, ularga dardimni aytaman. O‘zimni yengil his qilaman.
O‘lmas Jo‘raqulov, 67 yosh:
– Ota-onamning 12 ta farzandi bo‘lgan. Taqdir taqozosi tufayli ulardan faqatgina men yashab qolganman. Bu yerga kelganimga 9 yil bo‘ldi. Oilam bor, ammo ular haqida gapirishni istamayman. Mening haqiqiy oilam shu yerda. Ko‘rib turganingizdek, 10 sotixga yaqin yerimiz bor. Shu yerda dehqonchilik qilaman. “Saxovat uyi”da hamma sharoitlar yetarli. Ammo yeb-ichib yotaversam, qon bosimim oshib qoladi. Shu yerga chiqib ekin ekaman. Kuzda yerlarni chopib, go‘ng sepib qo‘yaman. Bahorda yerlarni yana bir ag‘darib, ekin ekishni boshlayman.
Tomorqaning chekkasiga chayla ham qurib, so‘ri qo‘yib olganman. Kechqurun chollar bilan shu yerda gaplashib o‘tiramiz. Piyoz, ukrop, petrushka, rayxon, o‘sma ekkanman. Ko‘katlarim o‘zimizni ovqatimizga yetib turadi. O‘smalarim ham rosa barq urib o‘sayapti, uni “Saxovat uyi”dagi hamshira qizlar, kampirlar qo‘yishadi. Tomorqaning orqa tarafiga qovun-tarvuz, oshqovoq, bodring ekkanman. Bodringlarim gullab, meva tugishga keldi. Meni bu yerdagilar “bog‘bon ota” deyishadi. Bu nom menga juda yoqadi. Bahor kelishi bilan hovliga ko‘chib o‘taman. Yerda ishlasam, mazza qilaman. Boshqa keksalar ham yordam berishni istashadi, lekin ekinlarimni bilmay yulib qo‘yishsa yoki oyog‘i bilan bosib olsa, jahlim chiqadi. Shuning uchun har doim o‘zim qarayman. Suvdan muammo yo‘q. O‘tkan yili olma, shaftoli, nok ekkandim. Bu yil ancha bo‘y cho‘zib qolishdi.
O‘lmas ota bog‘idagi daraxtlari, hosilga kirgan ekinlari haqida shunchalar zavq bilan gapirar, ularning har birini bizga ko‘rsatib o‘tishdan erinmasdi. Bog‘bon ota bilan birgalikda ancha payt ekinlar oralab yurdik. Uning farzandlari, oilasi borligi haqida eshitgandik. Ammo otaning gaplarini bo‘lib, bu yerga kelib qolgani haqida so‘rashga botinolmadik. To‘g‘rirog‘i uning eski xotiralarini yodga solishni istamadik. Bog‘bon otaga “Hamisha yangi orzular bilan yashang, bog‘ingiz gullab yashnasin”, deya niyat qildik.
Nigora Rahmonova, O‘zA