Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Saxovat” uyi ta’mirlanmoqda
10:26 / 2022-09-14

So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida vasiylikka olingan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 avgustda qabul qilingan “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati faoliyatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan bu muassasalar Davlat bojxona qo‘mitasiga biriktirildi.

Farg‘ona viloyati Bojxona boshqarmasi tomonidan Farg‘ona shahridagi “Saxovat” internat uyida loyiha qiymati 10 milliard so‘m bo‘lgan ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, mavjud 2 qavatli binoning 3- va 4-bo‘limlarini mukammal ta’mirlash, mavjud binolarning fasad qismlarini, yotoq bo‘limlaridagi 6 ta yuvinish xonasini, yozgi oshxonani to‘liq ta’mirlash, hududni obodonlashtirish, sug‘orish tizimi uchun quduq qazish belgilangan. 

Viloyat mahalliy byudjeti hisobidan internat uyi hududida madaniy tadbirlar markazi qurib bitkazilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bu yerda bo‘lib, muassasa faoliyatini rivojlantirish, internat uyi binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.  Muassasada yashovchilar bilan suhbatlashdi, yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

“Saxovat” uyida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oila muhitini, uydagiday sharoit yaratish kerakligini ta’kidlagan viloyat hokimi, bu yerda yashovchilar uchun turli konsertlar, madaniy tadbirlar o‘tkazishni ko‘paytirish, filmlar namoyishini yo‘lga qo‘yish uchun proyektor va ekranli kichik zal tashkil etish, muassasa bo‘sh turgan xonalarida qiziqqan ayollar uchun gilam to‘qish, tikuvchilik, kashtachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, erkaklar uchun ham kichik ishlab chiqarish tashkil etish, muassasa hududiga manzarali daraxtlar va turfa gullar ekish kabi masalalarda mas’ullarga topshiriq berdi.

Viloyat rahbari internat uyida yashovchilar bilan suhbatlashdi, ularning fikrlarini tingladi. Muhabbat opa Tursunovaga nogironlar aravachasi sovg‘a qilindi. To‘shakka mixlanib qolganiga qaramasdan, matonatli Muhabbat opa turli paypoqlar, jemperlar to‘qish bilan doimiy shug‘ullanib keladi.

1953 yilda tashkil topgan va 1985 yilda hozirgi binoga ko‘chirilgan “Saxovat” keksalar va nogironlar internat uyida bugungi kunda 145 nafar erkak va ayol vasiylikka olingan bo‘lib, ulardan 18 nafari 1-guruh, 17 nafari 2-guruh nogironidir.
 

M.Sulaymonov, 
O‘zA