Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saxiy ehsonidan obodlik, axloqidan tinchlik...
13:44 / 2020-04-29

Bugun har bir xorijlik mehmonni yurtimiz goʻzalligi maftun etishi tabiiy.


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini xalqimiz, jamoatchiligimiz koʻtarinki ruhda kutib olganini taʼkidlab, “Men, mana shu tashabbusni chin dildan qoʻllab-quvvatlab, bu savobli ishga munosib hissa qoʻshayotgan barcha vatandoshlarimizga, saxovatli tadbirkorlarimizga muqaddas kitoblarimizda aytilgan: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, deya bildirgan dil izhori hammamizga koʻtarinki ruh bagʻishladi.

Darvoqe, bu umumxalq harakati Vatanini koʻz qorachigʻidek asrab-ardoqlab, sevib, uni obod, koʻrkam boʻstonga aylantirish yoʻlida bunyodkorlik tuygʻusi bilan toʻlgan shijoatli har bir saodatmand yigit-qiz, mardlik belbogʻini bogʻlagan diyonatli kattayu kichik uchun ibrat boʻldi.

Bugun har bir xorijlik mehmonni yurtimiz goʻzalligi maftun etishi tabiiy. Ulkan bunyodkorlik ishlari, koʻrkam qiyofa kasb etayotgan qishlogʻu shaharlar, zamonaviy inshootlar dilni yashnatadi, bu koʻrku obodlikdan, bunyodkor xalqimiz va uning tolmas rahbari shijoatidan qalbga taskin, quvvat, ruhga osoyishtalik, faxr enishiga aslo shubha yoʻq.

Rivoyatda aytilishicha, Xizr alayhissalom bir oʻlkadan oʻtayotib, shaharlar maftunkorligi, qishloqlar obodligi, ariqlardagi zilol suvlar, bogʻu maydonlarda nozu neʼmatlarning moʻlligi, xalqining zavqu shavqqa toʻlib, hayotdan masrur va mamnunligi, mamlakatning farovon-maʼmurligini koʻrib, hayratdan: “Allohning fazlu karami, qudratiga hasanotlar boʻlsin, himmat nazari bilan bu oʻlkaga saxovati, ehsonini nisor aylabdi, mehri va marhamatiga sazovor boʻlgan bu diyorni abad ul-abad poydor, elini osoyishta hayot kechirishda Oʻzi madadkor boʻlsin”, deya duo qilib oʻtib ketibdi.

Mir Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida ehson, saxovat kabi odamiylik xislatlari haqida soʻz yuritib, “Ehson sifati saodati abad bil, fitna va ofat yaʼjuji dafʼigʻa sadd (toʻsiq, qalqon) bil. Insoniyat bogʻining dilpisandroq shajari ehsondur va odamiyliq konining arjumandroq gavhari ham ehsondur... Saxovat insoniyat bogʻining borvar shajaridur, balki ul shajarning mufid samaridur... Ehson tiriklikda yaxshi otdur, oʻlgandin soʻng doʻzax azobidin najot” deya lutf etganida haq edi.

Hazrat bobomizning bu gaplari bugungi sinovli kunlarda boʻy koʻrsatmoqda. Qalbi saxiy, ezgulikka oshno, shijoatli insonning ehsonidan elga obodlik, axloqidan yurtga tinchlik yetsa, bilingki Vatan osoyish, xotirjam ravnaq topishi muqarrar. Bu ulugʻ maqsad sari ilohiy iymonni dilu tanga joylab, gʻayrat kamarini mahkam bogʻlagan Prezidentimizning xayrli niyatlari amalga oshishida barchamiz saxovat-shijoat otiga minmogʻimiz joiz. Butun jahonda va yurtimizga tarqalgan koronavirus pandemiyasidan eson-omon sabr bilan forigʻ boʻlishda Allohning oʻzi madadkor boʻlsin.

Isʼhoqxon NOSIROV,
pedagog-murabbiy.