Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saxiy Allohga, jannatga va odamlarga yaqindir
17:52 / 2020-04-23

Bu dunyo har xil sinov va imtihonlardan iborat


Bu dunyo har xil sinov va imtihonlardan iborat. Alloh taolo insoniyatni gohida xavf-xatar, ocharchilik, tabiiy ofat, insonlarning mol-mulki, joniga zarar yetkazish bilan sinab turar ekan.

Haqiqiy moʻmin banda bu musibatlarga sabr, toqat qilib, ularning barchasi Alloh taoloning izmida ekanligini anglaydi. Shunda olamlarning Robbisi ularga oʻz rahmatini nozil aylaydi. Bu haqida Qurʼoni karimda shunday zikr qilingan:

“Albatta, Biz sizlarni biroz qoʻrqinch va ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz. Va sabrlilarga bashorat ber.

Ular musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, derlar...

Ana oʻshalarga Robbilaridan salovatlar va rahmat bor. Ana oʻshalar hidoyat topganlardir” (Baqara surasi, 155-157-oyatlar).

Demak, shuncha sinov va mashaqqatlarga mukofot qilib Allohning salovatlari, mehri va shafqati hamda rahmati vaʼda qilinmoqda.

Shukrlar boʻlsinki, butun dunyoga tarqalgan vabo asta-sekin zavol topmoqda. Ushbu qiyin, sinovli kunlarda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan aholini kasallikdan asrash, ijtimoiy, iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, bemorlarni davolash kabi masalalarda barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tabiiyki oʻz-oʻzini himoyalash vaqtida kam taʼminlangan, boquvchisi yoʻq, ehtiyojmand oilalarning iqtisodiy ahvoli qiynlashdi. Mana shunday ogʻir damlarda saxovatpesha xalqimiz bu kabi insonlarni oʻz hollariga tashlab qoʻymadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida mamlakatimiz aholisi bandligi masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor toʻxtalib oʻtdi.

Hozirgi ogʻir paytda aholining yordam va koʻmakka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati va unga bildirilayotgan samimiy munosabatlar qayd etildi. Ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Saxovatli insonning boshiga jannat daraxtlari soya soladi” degan hikmatli soʻzlarini yodga oldi.

Darhaqiqat, saxiy, muhtojlarga begʻaraz koʻmak koʻrsatuvchi kishi dinimizda madh etilgan, unga dunyo va oxiratda ulkan mukofotlar berilishi bayon qilingan. Jumladan, “Kechasiyu kunduzi mollarini nafaqa qilganlarning ajrlari Robbilari huzuridadir. Ularga xavf yoʻq va ular xafa ham boʻlmaslar” (Baqara surasi, 274-oyat).

Oyati karimada oʻz mollaridan ehson, xayr qiluvchilarning ajrlari eng oliy maqom joyda – Robbilari huzurida ekanligi taʼkidlanmoqda.

Yana bir oyati karimda “Ehson qiling, albatta, Alloh ehson qiluvchilarni xush koʻradi”, deyilgan (Baqara surasi, 195-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

“Saxiy Allohga yaqindir, jannatga yaqindir, odamlarga yaqindir va doʻzaxdan uzoqdir.

Baxil Allohdan uzoqdir, jannatdan uzoqdir, odamlardan uzoqdir va doʻzaxga yaqindir.

Albatta, saxovatli johil Alloh azza va jallaga baxil obiddan koʻra mahbubdir” (Termiziy, Bayhaqiy va Tobaroniy rivoyati).

Islomda saxovatga qanchalar targʻib qilinganligiga nazar soling! Nafl ibodatdan koʻra saxiy boʻlish ustun qoʻyilmoqda.

Prezidentimiz oʻz soʻzida xayrli tashabbuslarni chin dildan qoʻllab-quvvatlagan, bu savobli ishlarga munosib hissa qoʻshayotgan barcha vatandoshlarimizga muqaddas kitoblarimizda aytilgan “Yaxshilikning mukofati – faqat yaxshilikdir” degan gapni yana bir bor eslatib oʻtdilar. Muqaddas dinimiz taʼlimotlarida yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilik ekanligi, qolaversa, unga yaxshiligining savobi bir necha karra koʻpaytirib berilishi borasida aytiladi:

“Kim bir yaxshilik keltirsa, unga u(yaxshiligi)dan koʻra xayrliroq (mukofot) bor” (Qasos surasi, 84-oyat).

Ramazoni sharif ostonasida turibmiz. Alloh taoloning marhamati bilan bu oy ibodat, zikr, Qurʼon xatmi, xayru ehson va duolar oyidir. Xolis niyat ila barchamiz shahri Ramazon roʻzasini tutib, duolar qilsak, xayr-ehson, zakotlarni ado etsak va Parvardigordan barcha hojatlarimiz qatori ushbu ofatdan tezroq xalos etishini soʻrasak Yaratgannning Oʻzi madadkor boʻladi, inshoolloh.

Fursatdan foydalanib, barcha moʻmin-musulmonlar, yurtdoshlarimizni ulugʻ ayyom Ramazon oyi bilan muborakbod etamiz. Alloh taoloning Oʻzi tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va ikki dunyo yaxshiliklarini ato qilsin.

Zayniddin ESHONQULOV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi