Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammitida ishtirok etayotgan Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Saxiba Gafarova sammit haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekistonda bunday sammitlarning o‘tkazilishi mamlakat dunyoda o‘z o‘rniga egaligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ayollarning jamiyatdagi roli va gender tenglik mavzuidagi bu sammit O‘zbekistondagi amalga oshirilayotgan gender siyosatini namoyon etadi. Turli mamlakatlardan ko‘plab ayol spikerlar ishtirok etayotgani bu davlatlarning O‘zbekistonga nisbatan munosabatini ko‘rsatadi.
Ikki kunlik sammit doirasida bir qator masalalarda fikr almashildi.
Ozarbayjon vakilasi sifatida turli davlatlarning ayol spikerlari, parlamentlar a’zolarining O‘zbekiston haqidagi iliq munosabatini eshitish juda yoqimli. Chunki mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar juda qadimiy va hozirgi kunda ular juda yuqori darajada. Qolaversa, davlatlarimizni umumturk ildizlari, umumiy madaniyat, an’analarimiz, qadriyatlarimiz birlashtirib turadi. Shuni ham aytib, o‘tish kerakki, parlamentlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ham juda yuqori darajada. Bu hamkorlik aloqalar yanada mustahkamlanishiga harakat qilyapmiz.
Spikerlar ayol yoki erkak bo‘lishidan qat’iy nazar, ular oldida gender tenglik masalasida katta vazifalar turibdi. Bu borada qonunlar qabul qilinishi ularning hayotga tatbiq etilishini ta’minlash kerak. Ayniqsa, ayol spikerlar buni chin dildan his qiladi.
Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisi Tanzila Norboyeva bu borada aniq taklif va mulohazalarni aytib o‘tdi.
Men ham o‘z chiqishimda Ozarbayjonda gender tenglik siyosati borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, parlamentimizda faoliyat yuritayotgan ayollar masalasi bo‘yicha qo‘mita haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdim. Tajribadan ko‘rish mumkinki, parlamentdagi qo‘mita va ayollar masalasi bo‘yicha hukumatdagi qo‘mita birgalikda ishlasa, gender tenglikka oid qonunchilikni yuzaga chiqarish imkoniyatlari yanada kengayadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA