Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi Do‘stlik mahallasida joylashgan ixtisoslashtirilgan maktabda yoshlar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i G‘ulomjon Muxamedov hamda boshqarma tomonidan otaliqqa olingan yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida so‘zga chiqqan rahbar va mutaxassislar o‘zlarining ish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Yoshlar esa o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, istak va takliflarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.


– Yoshlar bilan bunday uchrashuvlar ularning tafakkurini kengaytiradi, mas’uliyat va tashabbuskorlik tuyg‘usini kuchaytiradi, – dedi G‘ulomjon Muxamedov. – Bu esa, o‘z navbatida, soha rivoji va yurt taraqqiyotiga xizmat qiladi.


– Bizning fikrimizni eshitishlari va qo‘llab-quvvatlashlari bizga katta ishonch va kuch bag‘ishlaydi, – deydi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Jasur Suyunov. – Bunday uchrashuvlar kelajakda to‘g‘ri yo‘l tanlashimizga yordam beradi.


Tadbir yakunida bir guruh yoshlarga boshqarma boshlig‘ining “Faxriy yorliqlari” va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri