Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Savol-javobni keyin qilasan, tezroq yetib kel» yoxud Tez tibbiy yordam xizmati bugun o‘zini qay darajada oqlamoqda?
18:43 / 2022-03-23

Tez yordam xizmati uzoq yillar davomida tibbiyotning eng ko‘p tanqidga uchragan, aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lgan tizimlaridan biri bo‘lib keldi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida ham «Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega», deya qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tez tibbiy yordam jamoasi kechikib kelishi bo‘yicha xalq qabulxonalariga o‘tgan 2021 yilning o‘zida 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan. Sohadagi yillar bo‘yi yig‘ilib qolgan muammolarni yechish esa anchayin vaqt va mablag‘ talab etgan.

Xo‘sh, bugun Tez tibbiy yordam xizmati o‘zini qay darajada oqlamoqda? Aholining barcha qatlamlari tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun yetarli darajada sharoit yaratilganmi?

HAR DAQIQA G‘ANIMAT...

Bugun mamlakatimizda Tez tibbiy yordam ko‘rsatish sohasi mutlaqo yangi innovatsion, sifat jihatdan yuksak, barcha xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan tizimga aylantirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Tez yordam tizimida faoliyat yuritayotgan shifokorlar soni 14 ming nafardan ortdi. Shuningdek, 103 raqamiga telefon qilinganda band bo‘lish holatlariga chek qo‘yilmoqda.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, avtomatlashtirilgan tizim sharofati bilan bugun har bitta qo‘ng‘iroq uzog‘i bilan 1 daqiqada murojaatchiga eng yaqin turgan guruh planshetiga yetkazilyapti. Ular ham ma’lumotlarni qaytadan yozib olayotgani yo‘q. Tizimga kiritilgani to‘g‘ridan-to‘g‘ri planshetga yo‘naltiriladi. Ishchi guruhi esa planshet orqali ham murojaatchi haqidagi ma’lumotlarni, ham xaritadagi manzilni ko‘rishga muvaffaq bo‘ladi.

Keyingi yillarda sohadagi ijobiy o‘zgarishlar tufayli tizimda faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar soni keskin ortdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda Tez yordam xizmatida ishlayotgan jami shifokorlar soni 14 ming 14 nafarga yetgan. Bu raqam 2020 yilda 12 ming 961 nafarni, 2019 yilda esa 9 ming 518 nafarni tashkil qilgan.

Ayni paytda sohadagi ushbu mutaxassislarning 2448 nafari yuqori malaka toifasiga, 2403 nafari 10-20 yillik, 1 ming 753 nafari esa 20 yildan ortiq ish tajribasiga ega. Shuningdek, 2022−2025 yillarda Tez tibbiy yordam tizimidagi barcha «Damas» va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi. Xususan, 2022 yilda 890 ta, 2023 yildan boshlab esa har yili 450 tadan yangi avtomobil, jumladan, reanimatsiya mashinalari olib beriladi. Buning uchun 65 million dollar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

TEZ YORDAM CHAQIRISHNING HAM O‘Z VAQTI VA MADANIYATI BOR

bugungi kunda O‘zbekiston Tez yordam xizmati zamonaviy mashinalar bilan ham malakali shifokorlar bilan ham ta’minlangan, lekin afsuski, jamiyatda ushbu xizmatdan foydalanish madaniyati tushunchasi juda sust. Tez yordamga tushayotgan chaqiriqlarning 30-40 foizi asossiz chaqiriqlardir. Unutmaylik, har bir asossiz chaqiriq tufayli boshqa bir insonning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Tez tibbiy yordam xizmatini qasddan aldab chaqirish huquqbuzarlik bo‘lib, bir baravaridan uch baravargacha (223 000 so‘mdan 669 000 so‘mgacha) ma’muriy jarima qo‘llanilishiga olib keladi.

Operator bemorning yaqinlaridan bemorning ahvoli haqida so‘rasa, «savol-javobni keyin qilasan, tezroq yetib kel», deya dag‘dag‘a qilishdan qaytmaydiganlar ham uchraydi albatta. Bir bemorni ko‘rishga taxminan 40 daqiqa ajratiladi. Kasalxonaga olib borish bilan hisoblasak, 50 daqiqani tashkil etadi.

- Sohada kutilmagan vaziyatlar juda ko‘p bo‘ladi, - deydi Farg‘ona viloyati Furqat tumanida Tez yordam haydovchisi Mirodil Jo‘raboyev. - Kechga borib Tez tibbiy yordamda chaqiriqlar 2-3 martagacha oshib ketadi, chunki hamma shoshilinch yordamga muhtoj bo‘lgan xastaliklar kuchayadi. Aynan shu paytda kechikishlar ko‘payib ketadi. Shu sababli Tez tibbiy yordam mashinalari soni yetishmovchiligi yaqqol ko‘rinadi. Ba’zida Tez yordam mashinasi yo‘llar yomonligi sabab bemorning oldiga yetib bora olmaydi.

Kechikib borgan tibbiyot xodimini bemorlarning qarindoshlari juda kuchli «rahmat» so‘zlariyu «silashlari» bilan kutib olishini tasavvur qilish qiyin emas. Shunday holatlar bo‘ladiki, tibbiyot xodimlari bemorning qarindoshlari tomonidan nohaq haqoratga qolishi, hatto kaltaklanishi juda achinarli.

- Yuqoridagi kabi malakali shifokorlarning kaltaklanishi va haqorat qilinishi tibbiyot xodimlarining himoyasiz ekanini tasdiqlaydi, - deya qayd etdi SSV. - So‘nggi vaqtlarda bunday holatlarning tez-tez sodir bo‘layotgani tajribali shifokorlarning tibbiyotning boshlang‘ich tizimini tark etishiga sabab bo‘layapti.

«TEZ YORDAM»GA YO‘L BERMAYOTGAN HAYDOVCHILAR...

Ko‘pchilik haydovchilar Tez tibbiy yordam mashinasiga yo‘l bermaydi. Holbuki, bu hayotda hech bir inson tasodifiy baxtsiz hodisalardan, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo yuz berishidan kafolatlanmagan. Shunday ekan, o‘zining va o‘zgalarning sog‘lig‘i uchun hamisha e’tiborli va mas’uliyatli bo‘lish insoniylikning muhim qoidasidir.

Taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda Tez yordamga yo‘l bo‘shatib berish bo‘yicha haydovchilarda shaxsiy mas’uliyat juda yuqori. Biz esa yo‘llarda ko‘pincha buning aksiga guvoh bo‘lamiz. Mashina chaqiruv signalini yoqib tursada, bunga parvo qilmaydigan haydovchilar ham yo‘q emas. Mana shunday haydovchilar yonginasida chirog‘i va chaqiruv signalini yoqib kelayotgan Tez yordam mashinasining ko‘magiga balki o‘zlarining yaqinlaridan biri ko‘z tikib turganini his etmaydi. Tez yordamga yo‘l bersangiz, bir insonning hayotini saqlab qolishdek katta savobga sherik bo‘lishingiz mumkin.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Tez tibbiy yordam avtomashinalariga vazifasini vaqtida ado etishi uchun shoshilinch harakat qilishi, umumbelgilangan yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik huquqi berilgan. Shuning uchun ular maxsus yoritgich va tovush signallari bilan jihozlangan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA