Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saviyali tarjima – kitobxon ongini o‘zgartiruvchi kuch
09:24 / 2025-07-15

Bugungi kunda axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, mutolaa zavqidan bahramand bo‘layotgan kitobxonlar soni ortib borayotganini kuzatish quvonarli. Ko‘chada, jamoat transportida, xiyobonlarda qo‘lida kitobi bilan band bo‘lgan insonlar ko‘ngilga iliqlik baxsh etadi. Biroq so‘nggi yillarda ayrim kitoblar mazmunidan ko‘ra, muqovasi yoki ijtimoiy tarmoqlarda “sitata” sifatida ulashish uchun sotib olinayotgani achinarli hol.

Ayrim hollarda kitoblar marketing vositalari orqali targ‘ib qilinadi, ularning savdosi esa asosan reklama ta’sirida amalga oshadi. Ba’zi nodavlat nashriyotlar esa faqat tijorat maqsadida badiiy qiymatdan yiroq bo‘lgan asarlarni qayta-qayta tarjima qilib, bozorga chiqarishmoqda. Bu esa chinakam adabiyot, haqiqiy san’at namunalarining soyada qolishiga olib kelmoqda.

Shu bilan birga, saviyali tarjimalar ham mavjud. Jumladan, xalqimiz ziyolilaridan biri, atoqli tarjimon va adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov tomonidan amalga oshirilgan tarjimalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Uning 1955–2005 yillar oralig‘ida 150 dan ortiq asarni o‘zbek tiliga tarjima qilgani milliy adabiyotimiz tarixida muhim voqea bo‘lgan.

Tarjimon tanlagan asarlar nafaqat jahon adabiyoti durdonalari, balki falsafiy izlanishlar, ilmiy-nazariy maqolalar, mashhur arboblar nutqlari, hatto kino-ssenariylar kabi turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan. “Arbat bolalari”, “Iqrornoma”, “Dorian Greyning portreti”, “Alkimyogar”, “Beshinchi tog‘” kabi asarlar tarjimasi o‘zbek kitobxonini jahon madaniyatiga yaqinlashtirdi.

Albatta, bu erda muhim jihat shundaki, Ozod Sharafiddinov tarjimaga faqat adabiy nuqtai nazardan yondashmagan, balki asarning ijtimoiy va ma’naviy ahamiyatini chuqur anglagan holda tarjima qilgan. Uning ilk tarjimasi — Belinskiyning “Tanqid haqida nutqi” o‘zbek adabiy tanqidchiligiga yangicha ruh bag‘ishlagan edi.

Bugungi kunda ham bir qator yirik loyihalar doirasida mazmunli tarjima ishlariga e’tibor kuchaymoqda. Jumladan, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi doirasida 2024 yilda 50 ta ilmiy-ommabop asar o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bu jarayonda 30 dan ortiq ekspert-mutaxassis, 40 dan ziyod tarjimon, 30 ga yaqin muharrir, shuningdek, musahhih va dizaynerlar ishtirok etdi. 2025 yilda esa badiiy asarlar va bolalar adabiyoti yo‘nalishida ham tarjimalar ko‘zda tutilgan.

Shu o‘rinda yana bir bor eslatib o‘tish joiz: har bir tarjimon o‘z kasbiga sidqidildan yondashsa, bu faqatgina adabiyot emas, balki butun jamiyatning ma’naviy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ayniqsa, yosh avlodning adabiyotga ilk qadamlarini jiddiy, badiiy salohiyatga ega asarlar orqali boshlashi nihoyatda muhim.

Zero, tarjima – millatlararo madaniy muloqot vositasi, u inson tafakkurini kengaytiradi, milliy ongni boyitadi. Shuning uchun bugungi tarjimonlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklangan. Ular faqatgina matnni emas, balki fikrni, ruhni, ma’naviyatni o‘zbek tiliga olib kirishlari kerak.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA