Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Save Aral” yugurish marafonining uchinchi bosqichi Samarqanddan boshlandi
14:48 / 2021-01-18

Samarqandda “Yangi nafas” sport va ijtimoiy harakati doirasida “Save Aral” yugurish marafoni o‘tkazildi.

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi, Samarqand viloyati hokimligi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada samarqandlik sportchilar, ko‘ngilli ishtirokchilar hamda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 1200 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

– Prezidentimizning tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur musobaqamizning uchinchi bosqichi davom etmoqda, – deydi musobaqa bosh hakami, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bo‘lim boshlig‘i Hasanboy Ortiqov. – Marafon respublikamizning 19 ta shahrini qamrab olishi belgilangan. bugungi kungacha o‘tkazilgan ikki bosqichda Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qo‘qon, Angren, Chirchiq, Guliston va Jizzax shaharlarida yugurish marafonlari tashkil etilgan edi. Samarqand shahrida marafonning uchinchi bosqichiga start berildi. Bu bosqichda Shahrisabz, Qarshi va Termiz shaharlari qamrab olinadi. Shu tariqa, Navoiy, Buxoro, Urganch shaharlari orqali final bosqichi – Mo‘ynoqqa yetib boramiz. Dastlabki bosqichlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilar Mo‘ynoqda o‘tkaziladigan final bosqichida qatnashadi. Maqsadimiz butun respublikamiz ahlini Orolni saqlab qolishga o‘z hissalarini qo‘shishga chorlashdan iborat.

[gallery-828]

Uch ming metr masofada o‘tkazilgan marafon 2003-2004 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar hamda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida tashkil etildi. 2003-2004 yilda tug‘ilgan yoshlar marafonida o‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘rinni farg‘onalik Javohir Mamatqulov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida ham farg‘onalik sportchi Madinabonu To‘lanova g‘olib bo‘ldi. Mutlaq yosh toifasidagi bahsda erkaklar o‘rtasida g‘oliblik Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchisi Ilhom Nazarovga, xotin-qizlar o‘rtasida Muhayyobonu Azamatovaga nasib etdi.

– Markaziy harbiy okrug sportchilar vzvodi katta yo‘riqchisi vazifasida xizmat qilaman, – deydi marafon g‘olibi Ilhom Nazarov. – Bugungacha bir necha bor O‘zbekiston chempionligi hamda harbiy o‘yinlar g‘olibligini qo‘lga kiritganman. Ayni paytda navbatdagi O‘zbekiston chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. Mazkur musobaqadagi yuqori natijalar Olimpiada o‘yinlarida qatnashish imkonini beradi. Maqsadim Olimpiya o‘yinlarida ham g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilib, davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish.  

Shuningdek, marafon ishtirokchilar o‘rtasida “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng keksa sportchi” hamda “Sport fidoyisi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va munosib rag‘batlantirildi.

 

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA