Yangi yil bayrami munosabati bilan odamlar dasturxoni to‘kinligini ta’minlash, ularga qulaylik yaratish maqsadida bir qator amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Toshkent viloyati Piskent tumani hokimligi, prokuratura departamenti va boshqa mutasaddi idoralar hamkorligida Piskent tumani markazida, shuningdek, 4 ta olis hududda arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.

Yarmarkalardagi savdo rastalarida 40 turdan ortiq yangi va sifatli sabzavot, poliz va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, dehqonu bog‘bonlar tomonidan yetishtirilgan sifatli va sarxil mevalar bor. Shu bilan birga asal, tuxum, go‘sht, baliq, non va non mahsulotlari xaridorlarga arzonlashtirilgan narxlarda sotilyapti.

– Yangi yil oila davrasida o‘tkaziladigan bayram, – deydi hududda yashovchi uy bekasi Farog‘at Shokirova. – Shuning uchun yarmarkadan mevalar xarid qilayotib, eng saralarini oila a’zolarimizga ilinamiz. 15 kundan buyon bayram yarmarkasi ishlab turibdi. Erta bilan chiqib, bayram dasturxoniga kerakli hamma mahsulotni shu yerdan oldik. Bozor rastalarida sifatli mahsulotlar barqaror ravishda yetkazilishini ta’minlash uchun 370 tonna kartoshka, 100 tonna guruch, 69 tonna piyoz va 15 tonna shakar zaxirasi yaratilgan. Shu bilan birga, 15 nafar tadbirkor va 32 ta fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar tuzilgan.

Mutasaddi rahbarlar, jamoatchilik vakillari tomonidan narxlarning sun’iy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli tarzda kunlik nazorat ham olib borilyapti. Tuman ahliga qulaylik yaratish maqsadida yana 4 ta olis hududda shunday yarmarkalar hamda 3 ta mahalla uchun ko‘chma savdo rastalari tashkil etildi. Elning ko‘zi, ko‘ngli to‘q, dasturxoni to‘kin bo‘lishida bu kabi beminnat xizmat ko‘rsatadigan maskanlarning ahamiyati kattadir.
A.Musayev,
O‘zA.