Yangi yilga ham oz vaqt qoldi. Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida, aholi gavjum joylarda arzonlashtirilgan narxlardagi Yangi yil savdo yarmarkalari tashkil etilgan.
Jumladan, olis Forish tumanining Bog‘don shaharchasidagi yirik savdo majmualari oldida, tuman markazidagi “Forish dehqon bozori”da yangi yil munosabati bilan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yarmarkada fermer xo‘jaliklari, qayta ishlash korxonalari, agrofirma va klasterlar tomonidan yetishtirilgan va qayta ishlangan turli oziq-ovqat, madaniy, maishiy, sanoat va boshqa turdagi mahsulotlar arzon narxlarda sotilmoqda.

“Farxod dehqon bozori” rastalaridagi kartoshka, piyoz, sabzi, guruch, keng assortimentdagi sut va sut mahsulotlari, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, konservalar, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi, qayta ishlangan mahsulotlar o‘zining sifati va maqbul narxlari bilan xaridorlarni o‘ziga jalb etmoqda. Savdo yarmarkasi faoliyati uzluksizligini ta’minlash maqsadida bozorlarda zarur mahsulotlarning zaxirasi yaratilgan.

Bozorlardagi narx-navoning sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olish maqsadida tuman prokuraturasi va soliq inspeksiyasi xodimlari bozorda muntazam nazorat va targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqda.
Forish tumanida fuqarolarga qulaylik yaratish va zarur mahsulotlarni arzon narxlarda yetkazib berishga mo‘ljallangan savdo yarmarkalari faoliyati 2022 yilning 5 yanvariga qadar davom etishi belgilangan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat) O‘zA