Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida davlat tiliga e’tibor kuchaymoqda
12:05 / 2025-09-18

So‘nggi yillarda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida davlat tilida to‘g‘ri va tushunarli axborot taqdim etilishiga e’tibor kuchaymoqda. Shu maqsadda Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublika miqyosida keng ko‘lamli o‘rganish va tahlil ishlari olib borildi.

Qo‘mita o‘tkazgan o‘rganish va tahlillarga ko‘ra, ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlari tomonidan o‘z nomi, ish tartibi, tovar (ish, xizmat)lari va qoidalari to‘g‘risida iste’molchilarga to‘g‘ri va tushunarli axborot taqdim etilmayotgani, taomnomalar hamda boshqa ma’lumotlarning davlat tilida berilmayotgani aniqlandi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda ularni to‘g‘ri va tushunarli axborot bilan ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab 3615 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektida o‘rganishlar olib borildi. Ularda 2510 ta holatda xorijiy tillarda yoki xato bilan yozilgan tashqi yozuvlar, e’lonlar va axborot matnlari qayd etildi. Kamchiliklar aniqlangan holatlarning 1993 tasi tezkor bartaraf etildi, 21 ta sub’ektga nisbatan esa ish qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, 2964 ta korxona va tashkilotlarga iste’molchilar huquqlari, reklama va axborot berish bo‘yicha qonunchilik talablari yuzasidan ogohlantirish xatlari yuborildi.

O‘rganishlar doirasida bozorlar, savdo va ko‘ngilochar markazlar, dorixonalar, umumiy ovqatlanish joylari kabilarda profilaktik tushuntirish ishlari olib borilib, davlat tilida axborot taqdim etilishini ta’minlash va qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda ro‘yxatdan o‘tgan korxonalarning o‘rtacha 20 foizidan ortig‘ida xorijiy yoki o‘zbek tili me’yorlariga xos bo‘lmagan so‘zlar ishlatilgan. Masalan, 2024 yilda Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan 5071 ta korxonaning 300 tasi, 2025 yilning birinchi choragida 1203 ta korxonaning 245 tasida ana shunday holat kuzatilgan.  

Mazkur holatlar yuzasidan mutasaddi idoralar tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, davlat tilida axborot taqdim etilishini ta’minlash bo‘yicha tushuntirish va profilaktik ishlar olib borilmoqda.

Nigora Rahmonova, O‘zA