Poytaxtimizda Biznes-ombudsman tomonidan Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida Savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida doimiy ravishda kuzatilayotgan muammo va kamchiliklar, ularning oldini olish hamda samarali yechimlar ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Bunda elektr energiyasi, gaz va suv ta’minotidagi limitlarni oshirish, malaka oshirishga va kasb o‘rganishga kelgan fuqarolarni rasmiylashtirishda hamda ishchi va xizmatchilarga ish haqini hisoblash bilan bog‘liq muammolar, QQSning bir qismini qaytarish hamda guvohnomani rasmiylashtirish bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, aholidan naqd pulda xarid qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim qilish va hisobotlarda aks ettirish masalalari, soliq qonunchiligini buzganlik uchun moliyaviy jarimalarning kattaligi hamda ularni tabaqalashtirish zarurati kabi va boshqa masalalar borasida fikrlar bildirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA