Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashi majlisi o‘tkazildi
15:22 / 2016-11-17

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 17-noyabr kuni Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 17-noyabr kuni Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, neft-gaz, geologiya, savdo-sanoat, sarmoya, bank-moliya, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va oziq-ovqat sanoati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, aloqa va axborot texnologiyalari, fan-ta’lim, elektr texnikasi, sayyohlik, me’morlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sug‘urta, farmatsevtika kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, mazkur kengash hamraisi E.G‘aniyev, Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashi hamraisi B.Hey va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ko‘plab sohalar qatori savdo, iqtisodiyot, yengil sanoat, neft-gaz, oziq-ovqat sanoati, qurilish, sayyohlik, fan-ta’lim, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda ham izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik, xususan mamlakatlarimiz ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish maqsadida 1994-yili tashkil etilgan Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashi majlislari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. 2015-yil noyabr oyida Londonda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish savdo, iqtisodiyot va sanoat sohalarida qator istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga keng yo‘l ochdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi muttasil oshib borayotir. 2015-yilda O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 105,7 million dollarni tashkil etdi. Kimyo va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida hamkorlik izchil rivoj topmoqda.

O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasida imzolangan daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik, daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf etishga, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilishga, iqtisodiyot, ta’lim, fan va madaniyat hamda havo transporti aloqasi, sayyohlik sohalariga oid bitimlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Anjumanda mehmonlarga mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini muttasil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” erkin iqtisodiy zonalarida ish yuritish uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, yuqori texnologiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar ushbu majlis o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikka oid qator muhim masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat bo‘lganini ta’kidladi.

– Buyuk Britaniya O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada faollashtirishdan manfaatdor, – dedi  Barbara Hey. – Mamlakatingiz boshqa sohalar kabi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega. Bu kabi tadbirlar Buyuk Britaniya kompaniyalariga O‘zbekiston bozori taklif etayotgan imkoniyatlar va keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar bilan yaqindan tanishish, foydali muloqot va uchrashuvlar o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish imkonini bermoqda.

Majlisda O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari, ikki mamlakat o‘rtasida avtomobilsozlik, yoqilg‘i-energetika, tog‘-kon va kimyo sanoati, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish, elektr texnikasi, axborot texnologiyalari, chiqindilarni qayta ishlash va ta’lim kabi qator sohalardagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollari, bu boradagi aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash omillari, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada kengaytirishga, yuqori texnologiyali qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Shu kuni Xalqaro hamkorlik markazida kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning neft-gaz, energetika, tog‘-kon, farmatsevtika, konsalting, audit, ta’lim va boshqa sohalarga ixtisoslashgan  o‘ttizdan ortiq firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.