Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bilan Savdo-sanoat palatasiga bir qator vakolatlar berish taklif etilmoqda.
Xususan, Palataning hukumatga biznesning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan yoki uni cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni berish, tashkilot a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, ma’muriy, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish, shuningdek, tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Bosh vazirga kiritib borishga oid vakolatlari qonun darajasida belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Palata vakillari xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari va hokimlar bilan hududdagi ishbilarmonlik muhitining holati, tadbirkorlik sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining ijrosi natijadorligi bo‘yicha tanqidiy muhokamalar o‘tkazib borish vakolatiga ega bo‘lishi belgilanmoqda. Tadbirkorlar bilan joylarda to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Palataning hududiy boshqarmalari huzurida jamoatchilik asosida Tadbirkorlik kengashlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Muhokamalarda bir qator normalar bo‘yicha savol va e’tirozlar o‘rtaga tashlandi. Masalan, Palata yurtimizda va xalqaro tashkilotlarda barcha tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilishi belgilanmoqda. Bu o‘rinda savol tug‘ildi: Palataga a’zo bo‘lmagan tadbirkorlarchi, ular ham himoya qilinadimi?
Tadbirkorlik subyektlari, ularning tarkibidagi uyushmalar, birlashmalar va fondlar Palataga alohida-alohida a’zo bo‘lishi lozimligi nazarda tutilyapti. Bu bilan tadbirkorlik subyektining o‘zi ham, birlashmasi ham alohida a’zolik badali to‘lashiga to‘g‘ri keladi va bu tadbirkorlik subyektlariga og‘irlik qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasiga qator vakolatlar berilyapti, ammo uning faoliyati bo‘yicha hisobdorligi masalasi ochiq qolgan. Mas’ullar bunga javoban Palata Adliya vazirligi oldida hisobdor ekanligini aytdi. Ammo deputatlar faoliyat bo‘yicha hisobdorlik belgilanishi lozimligini ta’kidladi.
Qizg‘in bahs-munozaralarda qonun loyihasidagi ayrim normalar deputatlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Qonun loyihasi yetarli ovozlar sonini to‘play olmagani sababli Qonunchilik palatasi tomonidan
rad etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA